Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:37

O‘sh qirg‘inida ayblanib umrbod qamalgan Azimjon Asqarov 9 yildan so‘ng qamoqxonaga ko‘chirildi


Azimjon Asqarov.
Azimjon Asqarov.

O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan huquq faoli Azimjon Asqarov Bishkekdagi 1-sonli tergov izolyatoridan So‘quluq tumani Yangier qishlog‘ida joylashgan 19-qamoqxonaga ko‘chirildi.

Ўш қирғинида айбланиб умрбод қамалган Азимжон Асқаров 9 йилдан сўнг қамоқхонага кўчирилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:01 0:00

Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi rasmiy vakili Eleonora Sabatarovaning aytishicha, Azimjon Asqarovning tergov izolyatoridan qamoqxonaga ko‘chirilishiga sud hukmlarining o‘z kuchida qoldirilgani sabab bo‘lgan.

-Asqarov 13 mart kuni 19-qamoqxonaga ko‘chirilgan. Oliy sud unga nisbatan chiqarilgan quyi sud qarorlarini o‘z kuchida qoldirgan. 19-qamoqxona esa, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar uchun maxsus qurilgan. U yerda xalqaro talablarga muvofiq barcha sharoitlar bor, - dedi Sabatarova.

Jalolobodlik huquq faoli Azimjon Asqarov xalqaro hamjamiyat tomonidan 2010 yilgi O‘sh qirg‘ini deb baholangan voqealar paytida Bozorqo‘rg‘on tumanida qonli voqealarni uyushtirganlikda ayblanib, 2010 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Xalqaro jamoatchilik Qirg‘iziston hukumatini huquq faolini ozod etishga chaqirib keladi.

2016 yil aprelida BMT Qirg‘iziston Asqarovni ozod qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qilgach, Oliy sud bu ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natgan.

Biroq 2017 yilning yanvarida Chuy viloyat sudi Asqarov ishini 4 oy davomida qayta ko‘rib chiqib, unga nisbatan chiqarilgan umrbod qamoq jazosini o‘zgarishsiz qoldirgan. Bu hukm ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning tashvishiga sabab bo‘lgan edi.

Human Rights Watch, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi kabi xalqaro tashkilotlar, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo ayrim davlatlar, AQSh Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini bildirganlar.

Azimjon Asqarovga 2015 yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topishirilgan. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan edi.

2010 yildagi O‘sh voqealarida 500ga yaqin odam halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq odam yaralangan va minglab uylar yondirib yuborilgan edi.

2010 yilning iyunida O‘shda yuz bergan millatlararo nizoda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbon bo‘lganlardan 295 nafarini, ya’ni 70 foizini o‘zbeklar, 123 nafarini yoki 29 foizdan ortiqrog‘ini qirg‘izlar tashkil qilgan. Shuningdek, iyun voqealari paytida bir rus, bir pokistonlik va bir uyg‘ur ham nobud bo‘lgan.

2010 yil iyun voqealari bo‘yicha hozirga qadar 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakillaridir.

XS
SM
MD
LG