Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:42

Yangi Zelandiyada ikkita masjidga qilingan terror hujumida 49 kishi halok bo‘ldi


Yangi Zelandiya. Qutqaruvchilar masjidga hujum chog‘ida yaralanganlarni kasalxonaga olib ketmoqda.
Yangi Zelandiya. Qutqaruvchilar masjidga hujum chog‘ida yaralanganlarni kasalxonaga olib ketmoqda.

Yangi Zelandiya sharqidagi Kraystcherch shahrida ikkita masjidga qilingan hujum oqibatida 49 kishi halok bo‘ldi. Mamlakat bosh vaziri Jasinda Ardern hujumlarni terror hujumi deya ta’rifladi.

Ardern hujumni amalga oshirganlikda gumon qilib politsiya qo‘lga olgan to‘rt kishi ekstremistik qarashlarga ega ekanligini, ammo ular politsiya kuzatuv ro‘yxatlarida bo‘lmaganini aytdi.

- Buni faqat terror hujumi o‘laroq ta’riflash mumkin, bunga shubha yo‘q, - dedi bosh vazir.

Politsiya vakili Mayk Bush hujumda 49 nafar odam halok bo‘lganini aytar ekan, 25 yoshlardagi shaxs qotillikda ayblanib qo‘lga olinganini bildirdi.

Afg‘onistonning Avstraliya, Yangi Zelandiya hamda Fijidagi vakili hujumda bir nafar afg‘onistonlik halok bo‘lganini, yana uchtasi jarohat qolganini ma’lum qildi.

Al-Nur masjidiga qilingan hujumda omon qolgan afg‘onistonlik Mirvays Vaziriy Ozodlik bilan suhbatda:

- Masjidning ikkita favqulodda chiqish eshigi bor edi. Ularning biriga yetib bordim. O‘q otish davom etayotgandi. Birovlar yerda yotardi, ayrimlar eshik oldida edi. Boshqalar kabi men ham yerga yotdim. Boshim yaqinidan o‘q uchib o‘tdi va yengil jarohat oldim. Allohga shukur tirik qoldim, ammo boshqa ko‘p odam shahid ketdi va jarohat oldi, - dedi.

Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison qo‘lga olingan gumonlanuvchilarning biri Avstraliya fuqarosi ekanligini tasdiqladi.

Hujum uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgan shaxs 28 yoshda ekanligini, hujumni amalga oshirish uchun atayin Avstraliyadan Yangi Zelandiyaga borganini iddao qilgan.

Hujum paytida Al-Nur masjidida bo‘lgan yana bir shaxs Ahmad Al-Mahmud hujumchi oq tanli shaxs ekanligini, hujum paytida o‘qo‘tmas jilet bilan kaskada bo‘lganini aytdi.

- Katta quroli bor edi. Kirib kelib, masjiddagi hammani o‘qqa tutdi, - dedi Mahmud.

Politsiya qo‘lga olingan avtomobillarning birida qo‘lbola bombalar topilganini ma’lum qildi.

Politsiya, shuningdek, Yangi Zelandiyadagi barcha masjidlarni vaqtincha yopib qo‘yishni so‘rangan.

Bosh vazir Ardern hujumni misli ko‘rilmagan zo‘ravonlik akti deya atadi.

- Bu mamlakatimiz tarixidagi eng qora kunlardan biridir, - deya bayonot berdi u.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an g‘arb davlatlarini zudlik bilan Islom va musulmonlarga bo‘lgan va tobora kuchayib borayotgan nafratga qarshi chora ko‘rishga chorladi.

Pokiston bosh vaziri Imron Xon Yangi Zelandiyadagi hujum uchun avj olayotgan islomofobiyani aybladi.

Yangi Zelandiyada bu kabi hujumlar juda oz kuzatiladi. 1990 yilda Aramoana shahrida ruhiy xasta shaxs 13 odamni otib o‘ldirishi ortidan mamlakatda yarimavtomatik qurollar sotuviga cheklovlar qo‘yilgan. Bunga qaramasdan, 16 yoshga to‘lgan shaxslar xavfsizlik kursini tamomlaganidan keyin, standart o‘qotar qurol olishi mumkin.

XS
SM
MD
LG