Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:49

Zambarakning o‘qi yoki “Qo‘shariq” to‘yxonasidagi xotin-qizlar bazmi (satira)


8 - mart xalqaro xotin-qizlar bayramini nishonlashga tayyorgarlik O‘zbekistondagi hajviy voqelikni fosh qildi.

Voqelik esa, retro hajviya, Ergash Karimov ishtirokidagi “Uchrashuv” teleminiatyurasidagi bo‘lajak qudalar bilan maslahat epizodini eslatadi.

Telegramdagi @SIZDANTELEGRAM kanaliga kelgan Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isamidinov tomonidan imzolangan hujjat “8-mart bayramini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida “Qo‘shariq” to‘yxonasida bo‘lib o‘tadigan bayram dasturxoni uchun kerakli bo‘ladigan mahsulotlar bo‘yicha REJA - TOPShIRIG‘I” deb ataladi.

Andijon tumani hokimi U. Isamidinovning 8-mart bayramini nishonlash topshirig‘i
Andijon tumani hokimi U. Isamidinovning 8-mart bayramini nishonlash topshirig‘i

Topshiriqda tumandagi barcha tashkilot va korxonalar olib keladigan “kamchiqim” bayram dasturxoni uchun kerakli nozu ne’matlar taqsimlab berilgan. Tuman xavfsizlik idoralari IIB, DXX prokuratura ro‘yxatda yo‘q. Ulardan faqat tadbirda ishtirok etish talab etiladigan ko‘rinadi.

To‘yni alkogol bilan qizitish Agrobankka topshirildi. Dasturxonga 60 dona shampan (qizlar ichadida buni) va 60 dona vino qo‘yiladi. Ro‘yxatda aroq yo‘q. Bu masala shampan va vinodan keyin hal bo‘lsa kerak.

Bu ajoyib bazmda 120 dona banan (milliy mentalitet uchun munozarali mahsulot), 20 kilogramm “qazi, qarta, “supar rulet” (balki super rulet nazarda tutilmoqda), 300 dona saryog‘li gijda non, mandarin, sir, Kola-fanta, Gumbaz shirinliklar (bunaqasini yeb ko‘rmagan ekanmiz) va yana 45 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari stolga tortiladi.

Hokim Pensiya jamg‘armasiga topshiriq berarkan, ularning ayyor-tirriq ekanini inobatga olgan shekilli. Ularga topshirilgan 120 dona ikki turdagi sok qarshisida “yaxshisidan” deb yozish esdan chiqmagan. Xalq banki ham pista bodomning “yaxshisidan” olib keladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston jadallik bilan ichki ishlab chiqarishni rivojlantirayotgan bir paytda hokim import mahsulotlarini ham rag‘batlantirishni unutmagan. Ustidan "ko‘k va qora choy" ichiladigan 4 xildagi 10 kilogramm konfet aynan “rossiyskiy” bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan.

Mahsulotlarning har biri tashkilot faoliyat turiga qarab taqsimlangani tahsinga sazovor.

Qishloq xo‘jalik bo‘limi 40 kilo mol go‘shtini topib kelsa, tuman arxitektori bayram tabriknomasi ustida ijod qiladi.

Veterinariya bo‘limiga topshirilgan 8 kilogramm dumba hayvonlardan amputatsiya yo‘li bilan olinmasligiga umid qilamiz.

Shu o‘rinda 8-martdan keyin O‘zbekistonda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazo kuchaytirilishini eslatib qo‘yamiz.

Suv oqova DUK xodimlari o‘z ishidan bayramga olib kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy har qanday mahsulot qat’iyan man qilindi.

Ular faqat o‘z xizmatlari bilan bayramga ulushini qo‘shadi. (Aftidan ularning xizmatlariga bayram oldidan emas, o‘tirishdan keyin ehtiyoj tug‘iladi)

Bayramdan oldin qilinadigan xizmatlar uchun esa, majburiy mehnatning abadiy qahramonlari o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari jalb etiladi.

350 ayolga sovg‘alar berish tumanni uzluksiz elektr va gaz bilan ta’minlaydigan tashkilotlarga yuklatildi.

Ekologiya bo‘limi stolni ekibana ya’ni qurigan gullar bilan bezatadi, to‘y uzra esa “O‘zbegim sharlari” hilpirab turadi.

“Bir kunlik to‘y o‘tadi, ketadi.”

“Grajdanlar poezd uchinchi yo‘ldan ketyapti! Ehtiyot bo‘linglar! Ehtiyot bo‘linglar”

XS
SM
MD
LG