Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:31

Uyida tovuq yoki mol boqqan, 202730 so‘m to‘lasa, 1 yillik stajga ega bo‘ladi


Har bir oilani tovuqboqar qilish dasturi 2017 yildayoq hajv qilingan edi.
Har bir oilani tovuqboqar qilish dasturi 2017 yildayoq hajv qilingan edi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ko‘ra, endilikda uyida tovuq yoki qoramol boqqan odam, eng kam ish haqining bir barobari miqdorida (202 ming 730 so‘m) to‘lasa, bir yillik stajga ega bo‘lishi mumkin.

22 fevral kuni Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi o‘zbekistonliklarning mobil telefonlariga sms jo‘natdi:

“Tomorqada qoramol yohud parranda boquvchi shaxslar eng kam oylik ish haqining 1 baravarida to‘lov amalga oshirsa, bir yil stajga ega bo‘ladi. Pensiya jamg‘armasi”, deyiladi smsda.

Ushbu smsni olganlardan biri, Ozodlikka uning suratini ham jo‘natdi.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Toshkentdagi bosh ofisidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qo‘lida mobil telefoni bor barcha o‘zbekistonlik ushbu smsni olgan.

“Ushbu sms O‘zbekiston bo‘yicha barcha operatorlar provayderlari orqali hammaga jo‘natildi”, dedi Pensiya jamg‘armasi mulozimi o‘zini tanishtirmagan holda.

Mulozimga ko‘ra, bu tadbir prezidentning maxsus qaroriga ko‘ra amalga oshirilmoqda.

Prezident qarorida yozilishicha, dehqon xo‘jaligi va 4 sotixdan kam bo‘lmagan tomorqa yerida band bo‘lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yohud 50 boshdan kam bo‘lmagan parranda boqqan fuqaro Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida sug‘urta badali to‘lasa, sug‘urta badali to‘langan yil mehnat stajiga kiritiladi.

“Uyida parranda boqqan odam ishsiz hisoblanmaydi. U tovuqqa don beradi, suv beradi. Tuxumini oladi, tuxumini olib chiqib, sotadi, bolalariga ediradi. Demak, u o‘sha tovuqlar bilan band. U tuxumni sotib, daromad ko‘rayapti. Ana shu ko‘rgan daromadidan, eng kam oylik ish haqining bir barobarini Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazib, qo‘ysa, unga bir yillik staj yoziladi”, dedi Pensiya jamg‘armasi mulozimi.

Bugungi kunda eng kam ish haqining bir barobari 202 730 so‘mga tengdir.

Mulozimning aytishicha, tovuq yoki mol boqayotgan odamning Pensiya jamg‘armasiga pul o‘tkazishi mutlaqo ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

“Fuqaro imkoni yetsa, xohlasa to‘laydi. Imkoni bo‘lmasa to‘lamaydi. To‘lasa, stajlik bo‘ladi, to‘lamasa, yo‘q. 202 ming 730 so‘m bu bir yillik to‘lov. Yilda faqat bir marta amalga oshiriladi. Fuqarolar o‘zining ijtimoiy himoyasini o‘zi ta’minlasin degan ma’noda qilayapmiz”, dedi Pensiya jamg‘armasi mulozimi.

Mulozimning aytishicha, uyida tovuq yoki mol boqqan shaxs Pensiya jamg‘armasiga pul to‘lashdan avval mahalla fuqarolar yig‘inidan “Uyida haqiqatdan ham parranda yoki qoramol boqqanini tasdiqlovchi ma’lumotnoma”ni taqdim qilishi lozim.

Har bir oilani tovuqboqar qilish rejasi prezident Mirziyoevning 2017 yili Qoraqalpog‘istonda o‘tkazgan selektor yig‘ilishida aytgan gaplaridan so‘ng avjiga chiqqani aytiladi.

Mirziyoev O‘zbekiston viloyatlaridagi har bir xonadon 100 tadan tovuq boqishi shart ekanligi haqida gapirgandi. Biroq prezidentning ushbu rejasi keyinchalik, mag‘lub bo‘lgani xabar qilindi.

XS
SM
MD
LG