AQSh mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, axborot urushlari iqlim o‘zgarishi hamda yadroviy urushlar kabi global tahdidlarni kuchaytirmoqda. Bu esa o‘z navbatida insoniyat kelajagiga tahdid soladi.
Bulletin of the Atomic Scientists nodavlat tashkiloti xodimlarining bildirishicha, faktlar bilan manipulyatsiya qilish, soxta xabarlar, global isish hamda yadroviy urush haqidagi ritorika insoniyatni Yer sayyorasini yo‘q qilishga misli ko‘rilmagan darajada yaqinlashtirdi.
Tashkilot e’lon qilgan bayonnomada shunday deyiladi:
«Hozir insoniyat oldida bir vaqtning o‘zida ikki ekzistensial tahdid bor. Ularning har biri katta xavotir tug‘diradi va zudlik bilan ularga e’tibor qaratishimizni talab qiladi».
Bu yirik tahdidlar yadroviy qurollar hamda iqlim o‘zgarishidan iborat bo‘lib, o‘tgan yili ular soladigan tahdid jahon bo‘ylab demokratiyani yemirish maqsadida axborot urushidan tobora ko‘proq foydalanish tufayli yanada kuchaydi. Bu esa shu va boshqa tahdidlar riskini oshiradi, sivilizatsiya kelajagiga misli ko‘rilmagan darajada xatar soladi.
Ayni damda ramziy Oxirzamon soati 12 ga ikki daqiqa qolganini ko‘rsatib turibdi. Ammo xavfsizlik, yadroviy qurollar, atrof-muhit hamda ilm-fan sohalarida faoliyat yuritadigan mutaxassislardan iborat xalqaro guruh raisi Reychel Bronsonning aytishicha, soat millari o‘tgan yilda siljimagani barqarorlik ramzi emas.
Oxirzamon soati 1947 yilda yaratilgan. O‘shandan beri uning millari 20 marta o‘zgardi. Soat 1953 yilda 12:00 ga ikki daqiqaga qolayotganini ko‘rsatib turgan. 2018 yilda ham aynan shunday bo‘ldi. Solishtirish uchun, 1991 yilda soat millari 12:00 ga 17 daqiqa qolganini ko‘rsatib turgan.
Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bronson hozirgi damlarni Sovuq urushning eng xavfli damlariga qiyosladi.
- Ma’lumot tezligi bir necha barobarga oshdi. Bu esa axborot urushlari hamda soxta xabarlar tarqalishiga qulay zamin yaratadi, - dedi Bronson.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat dunyodagi yirik muammolarni yechish uchun birdamlik talab qilinayotgan bir paytda kin-g‘azab va bo‘linish keltirib chiqarmoqda.
Xususan, mutaxassislar AQSh bilan Shimoliy Koreya hamda Rossiya bilan AQSh o‘rtasidagi aloqalar o‘ta tang ahvolda ekanligini aytishdi. Atrof-muhitni himoya qilish sohasida ham salbiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda: atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar ko‘lami yana o‘sa boshlagan. Bir necha yil davomida ushbu ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qolayotgan edi.