Inson tanasidagi qon bosimini deyarli bir maromda ushlab turuvchi refleks haqida eshitganmisiz? Baroretseptor refleksi deb ataluvchi ushbu jarayon organizm uchun juda muhimdir.
Masalan, o‘rningizdan turganingizda, qon bosimingiz tez suratda pastlaydi. Ammo siz buning natijasida xushingizni yo‘qotmaysiz, chunki baroretseptorlar yurak tezroq urib, miyaga ko‘proq qon yuborishini ta’minlaydi.
Science jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada e’tirof etilishicha, qon bosimini nazorat qilib turuvchi hamda barorefleksni boshqarishda ko‘maklashuvchi ikki protein aniqlandi.
Shu kungacha qon bosimi o‘zgarishini inson tanasi qay yo‘sinda aniqlashi noma’lum edi.
Scripps Research ilmiy-tadqiqot instituti moliyalashtirgan izlanish mualliflaridan biri Uei-Jeng Zengning so‘zlariga ko‘ra, qon bosimini baroretseptor neyronlar kuzatib borishi bizga ma’lum bo‘lgan, ammo ular aynan qay yo‘l bilan qon bosimini sezishi 100 yil davomida jumboq bo‘lib kelgan.
PIEZO1 va PIEZO2 proteinlarini ilk bor Scripps Research xodimi Ardem Patapoutian aniqlagan.
Keyingi yillarda ushbu ikki protein juda ko‘p funksiyani bajarishi aniqlandi. Patapoutian tadqiqotlari PIEZOlar o‘pkalardagi bosimni va turli og‘riqlarni sezishini ko‘rsatgan. PIEZO1 hatto qizil qon tanachalari shaklini saqlashga ko‘maklashadi.
Yangi tadqiqot mualliflari PIEZOlar baroretseptor refleksida o‘ynaydigan rolni o‘rganib chiqishgan. Sichqon modeli ustida o‘tkazilgan tajribalar PIEZOlar chindan qon bosimini bir maromda ushlab turish uchun zarur ekanligini tasdiqlagan.
- Tadqiqot natijalari inson sog‘lig‘ini yaxshiroq anglab yetishimizga ko‘maklashib, amalda katta natijalarga olib kelishi mumkin, - dedi Patapoutian.
Ushbu proteinlarning hali o‘rganilishi kerak jihatlari ko‘p bo‘lsa-da, olimlar baroretseptorlardagi PIEZO1 va PIEZO2 yuqori qon bosimidan aziyat chekadigan, ammo dori ta’sir qilmaydigan bemorlarni davolashda qo‘l kelishi mumkinligini aytishmoqda.
Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, PIEZO1 bilan PIEZO2 birgalikda qanday ishlashini hamda ular turli neyronlar ichida qanday ishlashini aniqlash uchun ko‘proq tadqiqot o‘tkazish zarur.