Tojikiston davlat telekanali filmlardagi eng oddiy sevgi sahnalarini ham olib tashlashni buyurdi. Xususan, endilikda mamlakatda o‘pishish, quchoqlashish hamda jinsiy aloqa aks etgan sahnalarni efirga uzatish man etiladi.
Tojikiston rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, Televidenie va radio qo‘mitasi tojik milliy-madaniy qadriyatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha 2018 yilning boshida qabul qilgan qarorni bajarishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida shunday qarorga kelingan.
18 yanvar kuni Qo‘mita raisi o‘rinbosari Mahmadsharif Boboshohzoda behayo sahnalarni kesib olib tashlash filmlar mazmuniga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidladi.
Ozodlik radiosi tojik xizmati bilan suhbatda Boboshohzoda:
- Bor-yo‘g‘i bir necha soniyaga cho‘ziladigan sahnalar olib tashlanadi, - dedi.
Endilikda barcha filmlar – sovet davrida olingan filmlardan tortib, Gollivud blokbasterlarigacha muharrir tekshiruvidan o‘tadi. Yangi qoida bo‘yicha senzura qilingan filmlardan biri sovet davrida ishlangan va sobiq SSSR davlatlarida hali-hanuz sevimli bo‘lib qolayotgan “Taqdir hazili yoki qushdek yengil bo‘ling” filmi bo‘ldi. Unda bosh qahramonlar Jenya va Nadya to‘liq ust-boshda quchoqlashgan bir necha sahna bor. Xususan, sahnalarning birida Jenya Nadyaning yuzini va sochlarini o‘padi. Tojikistonda 31 dekabr kuni ushbu filьm mazkur sahnasiz efirga uzatildi.
Dushanbe turg‘unlaridan biri Sayof Mizrob sevimli filmidan “zararsiz sahna” olib tashlanganidan mamnun emasligini aytdi:
- Ular to‘shakda yoki yalang‘och emas. Bu shunchaki ehtirosli lahza, film kulminatsiyasi xolos, - dedi Mizrob.
Mizrob Ozodlik radiosi tojik xizmati bilan suhbatda boshqa sobiq sovet davlatlaridagi millionlab odam kabi yangi yil arafasida oila davrasida ushbu filmni tomosha qilishini aytar ekan, shunday dedi:
- Men uchun film yakunini barbod qilishdi.
Davlat telekanali rasmiylari esa tojik qadriyatlaridan kelib chiqib nomaqbul sahnalar olib tashlanayotganini aytishdi.
- Ayrim mamlakatlarda xorij filmlarini namoyish qilayotib, ayollarga hijob kiygizishadi. Ular o‘z madaniyatlaridan kelib chiqib, shunday qiladilar, - dedi Boboshohzoda.
Ammo Tojikiston rasmiylari Eron kabi davlatlardan farqli o‘laroq, ayollarning tanasini xiralashtirish yoki boshqa tasvirlar bilan berkitishni rejalashtirayotgani yo‘q.
Tojikiston rasmiylari keyingi yillarda milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratib keladi. Xususan, rasmiylar tojikistonlik ota-onalarni farzandlariga arabcha ismlar o‘rniga sof tojikcha ism qo‘yishga chorlab keladi. Bundan tashqari, tojikistonliklarga ruscha -yev va -ov qo‘shimchalaridan voz kechish tavsiya qilingan.
O‘tgan yilda hukumat erkaklar va ayollar uchun “tavsiya qilinadigan” dress-kod ishlab chiqdi.
Rasmiylarning behayo sahnalarni senzura qilishi tojikistonliklarni bunday sahnalarni ko‘rishdan butunlay asrashi mushkul, chunki ko‘plab odam sun’iy yo‘ldosh orqali efirga uzatiladigan telekanallarni ko‘radi. Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab senzura pichog‘i tegmagan disklarni osonlikcha topish mumkin.