Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:43

Yangi yil bayrami arafasida maktablarda tunu kun navbatchilik tashkil qilindi


Maktablardagi tungi navbatchilik tadbiri Karimov davridan beri davom etib kelmoqda.
Maktablardagi tungi navbatchilik tadbiri Karimov davridan beri davom etib kelmoqda.

O‘zbekiston maktablarida 10 dekabrdan 15 yanvargacha uch smenada kunduzgi-tungi navbatchilik tashkil qilindi. O‘qituvchilarga ko‘ra, navbatchilik Yangi yil kunlari xavfsizlikni saqlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Ammo Xalq ta’limi vazirligi mulozimi navbatchilik borasida hech qanday topshiriq berilmaganini ta’kidladi.

Ayollar kunduzi, erkaklar tunda navbatchilikda

Jizzax viloyatidan Ozodlikka bog‘lanib, ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlashni istamagan o‘qituvchiga ko‘ra, kunduzi ayollar kechasi erkaklar navbatchilikka chiqayapti.

“Bilishimcha, hamma maktabda shu ahvol. Bizning maktabda 10 dekabrdan boshlandi. Biz erkaklar kechki soat 8dan ertalabki 8gacha turamiz, jami 12 soatdan turamiz. Kunduzgi ikki smena 6 soatlik. Kunduzi navbatchilikda faqat ayollar turadi”, dedi jizzaxlik o‘qituvchi.

Ozodlikka bog‘langan boshqa bir o‘qituvchi Jizzax shahrining 4-maktabidagi tungi navbatchilikka oid hujjatni jo‘natdi.

“2018 yil 15 dekabrdan 2019 yil 10 yanvargacha xodimlarning tungi navbatchilik jadvali” deb nomlangan hujjatda maktabning 11 nafar erkak o‘qituvchisining ismi sharifi va ularning qaysi kuni navbatchilikka chiqishi ko‘rsatilgan.

Ozodlikka yo‘llangan yana bir hujjatda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 34-maktabdagi kunduzgi navbatchilik ro‘yxati aks etgan. Hujjatga ko‘ra, maktabning 47 nafar ayol xodimi ikki smenada navbatchilikka chiqishi qayd qilingan.

Navbatchilikka majburlash

Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilarga ko‘ra, navbatchilikka chiqish talabi bilan o‘qituvchilarga bosim o‘tkazilmoqda.

“Zangiota tumanida Rayono mudiri boshchiligida tekshirib yurishibdi. Tungi navbatchilikka qorovul, qozon yoquvchidan tashqari yana ikkitadan o‘qituvchi ham turishi kerak ekan. Agar o‘qituvchi navbatchilikka chiqmasa, unga hayfsan berilishi, oyligi kesilishi, ishdan olishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilar ekan”, deydi zangiotalik o‘qituvchi.

Jizzaxlik o‘qituvchi esa “Kim navbatchilikka turmayman deb ayta oladi? Hammamiz ishimizni yo‘qotishdan qo‘rqib, xo‘p deymiz” dedi.

​Ozodlikka yo‘llangan yana bir hujjatda Toshkentdagi xalq ta’limi bo‘limlaridan birining mulozimi tumandagi maktablar direktorlari bilan Telegram tarmog‘i orqali qilgan yozishmasi aks etgan. Yozishmalardan anglashilishicha, maktablardagi navbatchilik Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan ham tekshirilmoqda.

Tekin navbatchilik

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi mutlaqo tekinga navbatchilik qilayotganini aytdi.

“Eng qiyini erkak o‘qituvchilarga. Tuni bilan navbatchilikda turib, ertasiga ertalab yana darsga chiqayapmiz. Bu majburiy mehnatku. Navbatchiligimiz uchun bizga bir tiyin ham pul to‘lanmaydi. Bu mutlaqo mehnat kodeksining buzilishi. Hech kim buni tekshirmaydi”, deydi anonim qolishni istagan xo‘jaylilik o‘qituvchi.

"Navbatchilik orqali xavfsizlikni ta’minlash ko‘zlangan"

Ozodlik bilan muloqotda bo‘lgan o‘qituvchilarga ko‘ra, ularga navbatchilik tadbiri Yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil qilingani va bundan maqsad xavfsizlikni ta’minlash ekani aytilgan.

Ozodlik surishtiruvlari orqali uzluksiz navbatchilik tadbiri barcha viloyatlar maktablarida tashkil qilingani ma’lum bo‘ldi.

Jizzax tumani xalq ta’limi bo‘limining Ozodlik bog‘langan rasmiysi maktablarda uch smenali navbatchilik tashkil qilinganini tasdiqlab, bu viloyat xalq ta’limi boshqarmasi topshirig‘i ekanini aytdi.

Ozodlik birorta ham viloyatdagi xalq ta’limi boshqarmasi bilan bog‘lana olmadi.

Boshqarmalar boshliqlarining xizmat telefonlariga biror odam javob bermadi.

Navbatchilikdan vazirlik bexabar

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, maktablardagi uzluksiz navbatchilik tadbiridan vazirlik mutlaqo bexabar.

“Vazirlik maktablarga navbatchilik borasida topshiriq ham, buyruq ham bermagan. Agar o‘qituvchilar navbatchilikka majburlanayotgan bo‘lsa, vazirlikning Ishonch telefoni -1006 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishsin yoki bu haqda ariza bilan murojaat qilishsin. Vazirlikda majburiy mehnat, pul yig‘imlariga oid holatlarni o‘rganish uchun maxsus boshqarma tashkil qilingan. Navbatchilikka oid ariza yoki murojaat tushsa, albatta ushbu boshqarma o‘rganadi va bartaraf qilinadi”, - dedi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ismini ochiqlamayotganimiz xodimi.

Karimov davridan qolgan tadbir

Maktablarda uzluksiz navbatchilik tadbiri marhum prezident Karimov davridan beri davom etib kelayapti. Mriziyoev davrida ham bu tadbir barham topgani yo‘q.

Jumladan, joriy yil 27 avgustdan 5 sentabrgacha Mustaqillik bayrami munosabati bilan mamlakat maktablarida uch smenada navbatchilik tashkil qilingan edi.

Shavkat Mirziyoev joriy yil 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi yig‘ilishda o‘qituvchilarning turli tadbirlarga majburlanayotganini qattiq tanqid qilgan edi.

17 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov ham byudjet tashkilotlari xodimlarini majburan ishlatayotgan rahbarlarni qattiq qoraladi.

Biroq bu tanqidlarga qaramasdan o‘qituvchilar tungi navbatchilikka majburlanishi davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG