Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:59

“Birdamlik”ning Chimkentdagi qurultoyi ma’murlar to‘sqinlik qilgani uchun o‘tkazilmadi


AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor Bahodir Xon Turkiston (Bahodir Choriev) asos solgan “Birdamlik” harakatining 15 noyabrda Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qurultoyi o‘tkazilmadi.

Qurultoyga taklif qilinganlarning Ozodlikka bildirishicha, tadbirga taklif qilingan 60 dan ziyod kishining qurultoyga otlangan qismi Qozog‘istonga o‘tkazilmagan. Qo‘shni davlat hududiga o‘tgan 4 delegat esa, Qozog‘istondan chiqarib yuborilgan.

O‘tkazilmagan qurultoy delegatlarning aytishicha, ular 15 noyabr kuni onlayn-konferensiya o‘tkazgan va unda “Birdamlik” harakatini “Birdamlik” partiyasiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qoraqalpog‘istonlik jurnalist va inson huquqlari himoyachisi, 68 yashar Solijon Abdurahmonov - qurultoyga taklif qilinganlardan biri. 15 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Abdurahmonov 14 noyabr kuni O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi G‘ishtko‘prik postida, Qozog‘iston chegarasiga yetib, migratsiya kartochkasini to‘ldirayotgan paytda o‘zbekistonlik xodim tomonidan ortga qaytarilganini aytib berdi.

Toshkentlik faol, shoira Dilorom Ishoqova esa, O‘zbekiston chegara chizig‘idan ham o‘tolmagan delegatlardan biri. Uning aytishicha, “qurultoyga taklif qilinganlardan ko‘pchiligini IIBga chaqirishgan va pasportlarini olib qo‘yishgan, natijada yo‘lga 30 odamgina chiqqan”.

Dilorom Ishoqovaning aytishicha, uni va hamrohlaridan ko‘pchilikni chegaradan o‘tkazishmagan:

“Men ham chegaraga bordim. Meni o‘tkazishmadi. Taqiq qo‘yilgan deyishdi. Sababini so‘rasam, bilmaymiz, deyishdi”.

Qurultoyda qatnashish uchun yo‘lga chiqqan 30 o‘zbekistonlik orasida Qozog‘iston hududiga o‘tishga muvaffaq bo‘lganlar ham bor.

“4 kishi o‘tdi. Ular oldindan buyurtma berilgan mehmonxonaga joylashgan. Lekin kechqurun ularning oldiga Qozog‘iston politsiyasi kelib, so‘roq qilgan va keyin chegaraga olib kelib, O‘zbekistonga chiqarib yuborgan”, dedi Ishoqova.

Qurultoy qatnashchilari uchun joy band qilingan Chimkentdagi “Do‘stiq” mehmonxonasi ma’muri o‘zbekistonliklar joy band qilganini, lekin keyin buyurtma bekor qilinganini Ozodlikka bildirdi.

Qozog‘iston Migratsiya xizmati Chimkent viloyat boshqarmasi mulozimi Ozodlikning 14 noyabr kuni Chimkentdagi “Do‘stiq” mehmonxonasida joylashgan 4 o‘zbekistonlikning mamlakatdan chiqarib yuborilishi sababini izohlab berish so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Qurultoyning bosh uyushtiruvchisi, “Birdamlik” harakati asoschisi Bahodir Xon Turkiston (Bahodir Choriev) ham Qozog‘iston hududiga kiritilmagan. AQSh fuqarosi pasporti bilan shu kunda Qirg‘izistonda yurgan Turkistonning Ozodlikka aytishicha, Qozog‘iston chegarachilari sababini aytmay, uning pasportiga “deport” tamg‘asini urib, Qirg‘izistonga qaytargan.

Qozog‘iston qonunlariga ko‘ra, AQSh fuqarosi bu mamlakatga vizasiz kirib, 30 kun yura olishi mumkin.

Turkistonning va qurultoyga qatnashmoqchi bo‘lgan boshqalarning Ozodlikka bildirishicha, Bahodir Xon Turkistonga O‘zbekiston vizasi berilmagani uchun qurultoyni qo‘shni Qozog‘istonda o‘tkazishga qaror qilishgan. Tadbirni bu mamlakatda ham o‘tkazish imkoni kesilgach, qurultoy 15 noyabr kuni onlayn-konferensiya rejimida o‘tkazilib, harakatni partiyaga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan, partiya raisligiga Bahodir Xon Turkiston saylangan.

Turkistonning Ozodlikka aytishicha, “Birdamlik” partiyasi “O‘zbekistonda mulkdorlikka asoslangan erkin, demokratik tizim yaratish uchun, mamlakatni nozo‘ravon usullar bilan, saylovlar orqali isloh qilish uchun kurashadi”.

“Asosiy shiorimiz qashshoqlikka, kambag‘allikka barham berishdir”, dedi Bahodir Xon Turkiston.

Bahodir Choriev (Bahodir Xon Turkiston) va uning yaqinlari 2004 yilda o‘zlaridan tortib olingan “Kesh” aksiyadorlik jamiyati aksiyalari qaytarib berilishini talab qilib, O‘zbekistonda bir necha bor norozilik namoyishlari uyushtirgan edi.

2004 yilda Bahodir Choriev AQShga ketgan va o‘sha yerda “Birdamlik” harakatini tuzgan.

XS
SM
MD
LG