Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:36

Semizlik va plastik mahsulotlar o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Dunyo bo‘ylab haddan tashqari semizlikdan aziyat chekayotganlar soni oshib bormoqda. Bu esa ikkinchi tipdagi diabet va boshqa yurak-tomir tizimi kasalliklariga chalinish ehtimolini oshiradi.

Oziq-ovqat va turmush tarzi semizlikning yagona sababi emas. Hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar plastik idishlar, konservantlar, pestitsidlarda hamda olovdan himoya qiluvchi materiallarda foydalaniladigan kimyoviy birikmalar semizlik kabi metabolizm bilan bog‘liq illatlar kelib chiqishida muhim o‘rin tutishini ko‘rsatdi.

Tadqiqotchilar tributiltin (TBT) birikmasini o‘rganayotib, ushbu modda organizmda yog‘ ishlab chiqarilishi bilan aloqador gormon retseptorlariga ta’sir ko‘rsatishini aniqlashgan.

Xususan, tug‘ilishidan oldin TBTga duchor bo‘lgan sichqonlar semizroq bo‘lishi, bu holat avloddan-avlodga o‘tishi aniqlangan.

Bundan tashqari, polivinilxlorid deb nomlanuvchi plastik turini ishlab chiqarishda foydalaniladigan kimyoviy modda sichqonlarda glyukoza metabolizmi hamda yog‘ saqlanishini o‘zgartirishi aniqlangan.

Kaloriyaga boy ovqatlarni iste’mol qilish hamda o‘troq turmush tarzi semizlikning asosiy sabablaridan hisoblanadi. Ammo keyingi 10 yil ichida endokrin tizimini buzuvchi kimyoviy moddalar hayvonlarda semizlik keltirib chiqarishi hamda insonlarda ko‘proq yog‘ to‘planishiga olib kelishi aniqlandi.

Bunday kimyoviy moddalar tirik organizmlarning gormon ishlab chiqaruvchi bezlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Gormonlar miqdorining o‘zgarishi esa kasalliklarga olib keladi.

Yuqorida tilga olingan kimyoviy moddalar organizmda yog‘ saqlanishi, energiya muvozanati hamda metabolizmni izdan chiqarishga qodir.

Dibutiltin (DBT) tuzlari vinil plastiklarni ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Bunday plastiklardan plastik eshik-romlar hamda tibbiy asbob-uskuna ishlab chiqarishda foydalaniladi.

DBT dengiz o‘tlari hamda uydagi changda mavjud ekanligi aniqlangan. Ammo kishi tanasidagi DBT miqdori haqida ma’lumot oz.

O‘tkazilgan tajribalar DBT organizmda yog‘ hujayralari sonini hamda ulardagi yog‘ miqdorini oshirishini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, DBT yog‘ ishlab chiqarilishida ishtirok etadigan genlar faoliyatini oshirishi aniqlangan.

Kundalik hayotda DBT kabi semizlik keltirib chiqaruvchi kimyoviy moddalarga ko‘p duch kelganimiz uchun ularning miqdorini nazorat qilish metabolizm kasalliklarini oldini olishga yordam berishi mumkin.

Semizlikka turtki bo‘luvchi birikmalarga ega plastik mahsulotlardan voz kechish nafaqat sog‘lig‘imiz, balki atrof-muhitga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi.

XS
SM
MD
LG