Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:17

AQSh saylovlari: Namoyandalar palatasi demokratlar qo‘liga o‘tadi, Respublikachilar AQSh Senatida hukmronlikni saqlab qoldi


6 oktabr kuni AQSh bo‘ylab Kongress oraliq saylovlari uchun ovoz berish boshlandi. Senatda 35 o‘rin, Namoyandalar palatasida esa jami 435 joy ovozga qo‘yilgan. Saylov kelasi ikki yil davomida Kongressda qaysi partiya hukmronlik qilishini belgilab beradi. Amerika ovozi radiosi saylov jarayoniga oid tafsilotlarni LIVE BLOG orqali yoritmoqda.

Namoyandalar palatasi demokratlar qo‘liga o‘tadi

Nensi Pelosi spikerlikka qaytadi
Nensi Pelosi spikerlikka qaytadi

435 a’zolik Namoyandalar palatasi demokratlar qo‘liga o‘tadi. 2010 yildan beri u yerda respublikachilar ko‘pchilik o‘rinni egallab kelayotgan edi. Nensi Pelosi​, Amerika tarixidagi birinchi ayol spiker, ikkinchi bor bu lavozimga o‘tiradi.

Bugungi saylovlar demokratlar uchun ulkan g‘alaba. 100 a’zolik Senatda ular hukmronlikka kela olmadi. Biroq vakillar prezidentga qarshi turishda katta vakolatlarga ega. Yangi saylanganlar orasida ayollar katta sonni tashkil etadi. Irqi, kelib chiqishi, e’tiqodi va qarashlari yuzasidan xilma-xil odamlar.

Kongress rang-baranglashishi katta yutuq, deydi siyosiy tahlilchilar. Olti yilga saylanadigan senatorlar, ikki yilga saylanadigan vakillar orasida uzoq yillardan beri o‘rnini boy bermay kelayotganlar talay.

Har ikki partiyada avlodlar yangilanishi kerak, deydi sharhlovchilar, shundagina siyosatda ham arzigulik o‘zgarishlar bo‘ladi.

Prezident Tramp uchun Namoyandalar palatasi muxolifatga o‘tishi shum xabar, chunki Oq uy qarorlariga qarshi turib, demokratlar nafaqat prezidentning maqsadlariga g‘ov bo‘ladi yoki unga nisbatan choralar ko‘radi balki uning qayta saylanish umidlarini ham puchga chiqarishi mumkin.

Boshqa jihatdan esa Senatdagi respublikachilar qarshiligi bois demokrat vakillar ko‘plab niyatlariga eta olmasligi mumkin.

Respublikachilar AQSh Senatida hukmronlikni saqlab qoldi

Bugungi saylovlar natijasi shundan dalolat bermoqda.

2014 yili demokratlar Senatdagi ko‘pchilik o‘rinni boy bergan. Biroq bu safar ham uni qayta egallay olmadi.

Ayni paytda kurash keskin kechdi, ayrim shtatlarda ovozlar soni bir-biriga juda yaqin.

100 a’zolik Senatda hukmronlik qilish uchun 50 dan oshiq o‘rinni qo‘lga kiritish kerak.

Keskin kurash

AQShning 31 saylov tumanida demokratlar oldinda, sakkiztasida esa respublikachilar. Ahamiyati shuki, bu hududlarda shu kungacha narigi partiya hukmronlik qilgan. Shu bois ham amerikaliklar natijani hayajon bilan kutmoqda.

Ko‘plab shtatlarda har ikki partiyadan senatorlar o‘z o‘rinlarini saqlab qolgan.

Namoyandalar palatasida ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lish uchun hozirgi o‘rinlarni saqlab qolgan holda yana 17 joyni yutishi kerak.

Senatda esa uch o‘rinni qo‘lga kiritishlari kerak.

Vakillari Palatasi 2010 yildan beri respublikachilarniki, Senat esa 2014 yildan buyon.

Saylov tahlilchilari taxminicha, demokratlar Namoyandalar palatasida ko‘pchilik o‘rinni ola bilsa-da, Senatni egallay olmasligi mumkin. Ko‘plab shtatlarda demokrat gubernatorlar yutmoqda.

Bugungi saylovlarda amerikaliklar asosan Tramp prezidentligi, iqtisod, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik, immigratsiya va qurol nazoratiga qarab ovoz bergan.

Aksariyat saylovchilar Oq uydan norozi va Amerika noto‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda deb hisoblaydi. Biroq, deydi ular, ovoz berayotganida boshqa omillar ham rol o‘ynagan.

Katta yangilik: bugun 105 millionga yaqin amerikalik ovoz berishga chiqqan bo‘lishi mumkin, ya’ni bu huquqqa ega aholining 45 foizdan oshig‘i. Oraliq saylovlar uchun bu yuqori ko‘rsatkich. 2016 yildagi prezident saylovlarida 137 million amerikalik ovoz bergan edi. Odatda davlat rahbari uchun saylovlarda ko‘proq odam qatnashadi.

Hozircha...

Demokratlar Namoyandalar palatasidagi besh o‘rinni respublikachilardan tortib olgan. Palatada hukmronlik qilish uchun ularga 23 o‘rin kerak va albatta ular hozirgi joylarini ham saqlab qolishlari zarur. Har ikki partiyada hozircha katta mag‘lubiyatlar kuzatilmadi. Yutganlar asosan o‘z o‘rnini saqlab qolgan qonunchilar va gubernatorlar. Lekin hali natijalar e’lon qilinmagan tumanlardan 21 tasida demokratlar qo‘li baland ekani aniq. Respublikachilar esa demokratlarning uch tumanida ulardan o‘tib ketgan.

Yirik shtat Texasda respublikachi, 2016 yilda prezidentlikka da’vogarlik qilgan Ted Kruz senatorlikni demokrat raqibiga boy berishi mumkin. Kongressmen 46 yoshli Beto Orurk ovozlar bo‘yicha oldinda.

Virjiniya shtatida demokrat Jennifer Vekston respublikachi Barbara Komstokdan Vakillar Palatasidagi o‘rnini tortib olgan.

Florida shtatida demokrat Donna Shalala Vakillar Palatasiga saylangan. Bu ham partiya uchun yangi o‘rin.

Demokratlar yoki Respublikachilar?

Kongress kimning qo‘lida bo‘ladi? Saylov natijalarini kutayapmiz.

Demokratlar 2010 yilda qonunchilik organidagi qudratni boy bergan. Bugungi saylov jarayonida amerikaliklarning aksariyati Prezident Tramp siyosatiga qarshi ekanini aytgan. Biroq bu ular demokratlarga ovoz bermoqda, degani emas. Saylovchi bu mamlakatda mahalliy masalalarga qarab qaror qiladi. Iqtisod, xavfsizlik, atrof-muhit, ta’lim va sog‘liqni saqlash uning uchun birlamchi omillar.

Uzoqdan turib ovoz berishingiz mumkin

​Prezident Donald Tramp bugungi saylovlarda ona shahri Nyu-Yorkda ovoz bergan, lekin Vashingtondan turib. Minglab amerikaliklar safarda bo‘lgani uchun yoki biror sabab bilan xorijda yurgani uchun uzoqdan ham ovoz berishi mumkin. Qanday shaklda berish siz yashaydigan hududning saylov tizimiga bog‘liq. Elektron tarzda yoki yozma bo‘lishi mumkin.

Amerikaliklar uchun bu saylovlarda eng muhim to‘rt masala: sog‘liqni saqlash, immigratsiya, iqtisod va qurol nazorati. Ommaviy so‘rovlarda saylovchilarning aksariyati Prezident Trampdan norozi ekanini bildirgan va aynan bois ovoz berishga chiqqanini aytgan.

Ovoz berish mashinalari qanday ishlayapti?

Saylov oldidan uning xavfsiz va haqqoniy o‘tishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Xavotirlar mavjudligiga qaramay, hozirgacha mamlakat bo‘ylab ovoz berish jarayoni jiddiy muammo yoki kamchiliklarsiz davom etmoqda.

Rossiya yoki boshqa davlatlar tomonidan mamlakat saylov tizimiga aralashuv yuz berishi mumkinligi haqidagi xabarlar o‘zini oqlagani yo‘q. Kiber xurujlar yoki ovoz berish mashinalarini ishdan chiqarish kabi voqealarning yuz bermasligiga qarshi mutasaddilar tegishli choralarni ko‘rgan. Hozirgacha AQShning 170 ming ovoz berish markazida biror shubhali holat yuz bermagani xabar qilinmoqda.

Lekin ayrim joylarda uzun kutish navbatlari va ba’zi ovoz berish mashinalarining ishlamay qolgani haqida ma’lumotlar bor. Ularning eng jiddiylari Jorjiya shtatida kuzatilgan.

Chikagodagi ovoz berish uchastkasi
Chikagodagi ovoz berish uchastkasi

2016-yilgi prezident sayloviga Rossiya aralashgani haqida hisobotlar chiqishi ortidan, rasmiylar saylov tizimini tashqi aralashuvlardan himoya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.

So‘nggi oylarda tashqi aralashuvga oid 160 ta shikoyat o‘rganilgan, ijtimoiy tarmoqlardagi yuzlab soxta profil va sahifalar yopilgan.

43 shtatda saylov mashinalariga tashqi aralashuvni aniqlaydigan maxsus sensorlar o‘rnatilgan.

Rasmiylar: Ovoz berishning markazlashmagani xavfsizlikni ta’minlaydi

AQShda saylov tizimi markazlashmagan bo‘lib, ularni o‘tkazish mahalliy hukumatlar ixtiyoriga topshirilgan. Ayni paytda 2016-yilgi saylov mojarosi ortidan mahalliy rasmiylar xavfsizlikni yanada kuchaytirish maqsadida federal idoralar bilan yaqindan ishlamoqda.

Ovoz berish mashinalari internetga va markaziy tizimga ulanmagani ham ularning xak qilinishi deyarli imkonsiz ekanini ta’minlaydi.

Michigan shtatidagi ovoz berish mashinasi
Michigan shtatidagi ovoz berish mashinasi

Xavotirlar yo‘q emas

Xorijiy tahdidlardan tashqari, ovoz berishni soxtalashtirish yoki saylovchilarning ovoz berish jarayonini murakkablashtirish kabi holatlar yuzasidan xavotirlar mavjud.

So‘nggi ikki yil ichida kamida sakkiz shtatda ovoz berishni nazorat qilishga oid qonunlar yanada kuchaytirilgan. Ovoz berish uchastkalarida shaxsni tasdiqlash hujjati bo‘yicha talablarni oshirishni joriy etgan shtatlar esa oxirgi sakkiz yilda 23 tani tashkil etadi.

Bunday choralar saylovchilarni ovoz berishdan qaytaruvchi keraksiz to‘siq, deya ularga qarshi kurashayotgan, bunday tartibni joriy etgan shtatlarni sudga bergan faollar va tashkilotlar ham bor. Ularga ko‘ra, siyosiy motivlar asosiga qurilgan bunday qonun-qoidalar ilk bor ovoz berayotgan yoshlarni jarayondan uzoqlashtiradi.

Prezident Donald Tramp 2016-yilda millionlab soxta ovozlar berilganini da’vo qilib, mazkur holatni tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzgan edi. Ammo komissiya biror natajaga erisha olmagach, Tramp shu yil boshida uning faoliyatini tugatishga qaror qildi.

Eskirayotgan saylov mashinalari

Ancha eskirgan saylov tizimi va mashinalari ham yana bir xavotir manbai. Faollarga ko‘ra, ushbu jihozlar bugungi zamonaviy talablarga javob bera olmaydi.

Ikki yoshli Kedens Besea onasi bilan ovoz berish uchun Jorjiya shtatida bir yarim soatdan ko‘proq navbatda turdi.
Ikki yoshli Kedens Besea onasi bilan ovoz berish uchun Jorjiya shtatida bir yarim soatdan ko‘proq navbatda turdi.

Brennen markazi ma’lumotiga ko‘ra, 43 shtat ishlatadigan saylov mashinalari hozirda ishlab chiqarishdan olingan eski jihozlardir.

Besh shtat - Delover, Jorjiya, Luiziana, Nyu-Jersi va Janubiy Karolina esa hech qanday qog‘oz bilan ro‘yxatga olinmaydigan tachskrin jihozlardan foydalanadi.

«Amerika Ovozi» saylov uchastkasida

Mamlakat bo‘ylab ovoz berish davom etmoqda. «Amerika Ovozi» jamoasi Virjiniya shtatidagi saylov uchastkalaridan birida bo‘lib, ovoz berish jarayoni bilan tanishdi.

«Feysbuk» orqali jonli efirga uzatilgan video lavhani quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Yoshlar qanchalik faol?

Amerika saylovchilarining salmoqli qismini 30 foizgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ammo ular siyosiy jarayonlarda faol emas.

2016-yilgi prezidentlik saylovida ovoz berish uchun layoqatli jami aholining 30 foizini kollej talabalari va yoshlar tashkil etgan. Lekin ularning faqat yarmi ovoz bergan, xolos.

Bu yilgi saylovda yoshlar faollashgani kuzatilmoqda. Bu esa demokratlarga umid bergan. Chunki ularning tarafdorlari orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni paytda yosh respublikachilar ham jonlangan.

Saylov kampaniyasida ko‘ngilli sifatida ishtirok etayotgan yoshlar guruh rahbaridan ko‘rsatma olmoqda.
Saylov kampaniyasida ko‘ngilli sifatida ishtirok etayotgan yoshlar guruh rahbaridan ko‘rsatma olmoqda.

2016-yilgi saylovda 21 yoshgacha bo‘lganlar, ya’ni hali ovoz berish huquqini qo‘lga kiritmagan yoshlarning aksariyati ham bu safar o‘z siyosiy huquqidan foydalanishini aytgan.

Floridaning Parklend shahridagi maktabda yuz bergan otishma ketidan yoshlar orasida fuqarolik harakati kuchaydi. Mamlakat bo‘ylab faol yoshlar saylovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish aksiyasini boshladi. Bu ham yoshlarning saylovda qatnashish miqdori oshishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

So‘rovlar: Saylovchilar bo‘lingan

Bugun AQSh xalqi yangi Kongressni saylaydi. Namoyandalar palatasi to‘liq qayta saylanadi, 50 kishilik Senatda esa 35 o‘rin qayta ovozga qo‘yilgan.

So‘rovlarga ko‘ra, Namoyandalar palatasi demokratlar nazoratiga o‘tadi, Senat esa respublikachilar qo‘lida qolishi taxmin qilinmoqda.

Texasdagi saylov uchastkalaridan biri
Texasdagi saylov uchastkalaridan biri

Respublikachilar Senatdagi ustunlikni saqlab qolish uchun Prezident Donald Trampning yordamidan umidvor. Tramp so‘nggi kunlarda Amerika bo‘ylab yurib, tarafdorlarini demokratlarga qarshi ovoz berishga undamoqda.

Senatda hozir 51 o‘rin respublikachilarda, 49 tasi esa demokratlar ixtiyorida. Ovozga qo‘yilgan 35 o‘rinning 26 tasi demokratlarga tegishli, 9 tasi respublikachilarniki.

Immigratsiyaga e’tibor

Demokratlar Tramp g‘olib chiqqan 10 shtatda, jumladan, Tennesida Senat o‘rinlarini saqlab qolish harakatida.

Tramp esa immigratsiya masalasida demokratlarni keskin tanqid qilishda davom etyapti.

Prezident Donald Tramp Tennesi shtatida tarafdorlari davrasida, 4-noyabr, 2018-yil.
Prezident Donald Tramp Tennesi shtatida tarafdorlari davrasida, 4-noyabr, 2018-yil.

«Demokratlar mamlakatimizga noqonuniy chet elliklar karvoni oqib kelishini istaydi. Bunday bo‘lmaydi. Hech bir mamlakat chegaralari buzib kirilishiga ruxsat bermaydi. Bu bosqin. Boshqalar nima deyishi meni qiziqtirmaydi. Soxta matbuotning aytganlari bilan ishim yo‘q», - dedi Tramp.

Demokratlar himoyasiga bir qator taniqli siyosatchilar, xususan, sobiq prezident Barak Obama chiqdi. U amerikaliklarni qo‘rquvni emas, umidni tanlashga chaqirdi.

Odatda, oraliq saylovlarda qatnashchilar miqdori 40 foizdan oshmaydi. Ammo bu yilgi saylovda ular soni har doimgidan ko‘proq bo‘lishi kutilyapti.

Tramp - saylov markazida

Saylov kampaniyalarida demokratlar, asosan, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyotga e’tibor qaratdi. Respublikachilar esa immigratsiyaga urg‘u berdi.

Brukings instituti tahlilchisi Jon Xudak fikricha, har ikki partiya uchun yana bir muhim mavzu bu Tramp shaxsi.

Tramp bu yilgi saylovda nafaqat demokratlarga, balki tarixga qarshi ham kurashmoqda. Chunki shu paytgacha oraliq saylovlarda, odatda, prezidentga qarshi partiya doim g‘olib chiqqan.

Trampning reyting ko‘rsatkichlari ham yaxshi emas.

«RealClearPolitics» so‘roviga ko‘ra, aholining faqat 43 foizi Trampdan rozi, 53 foizi esa norozi.

Demokratlar saylovda faol qatnashadimi?

Saylovlarda, odatda, respublikachilar ishtiroki yuqori bo‘ladi. Demokratlar son jihatidan ko‘proq bo‘lsada, saylovdagi ishtiroki sustligi bilan tanilgan. Buning bir sababi yosh bilan bog‘liq ekani aytiladi. Respublikachilar ko‘proq keksa yoshdagilardan iborat va siyosiy jihatdan faol. Demokratlar safida esa yoshlar ko‘p, ammo ular saylovlarga ko‘p chiqmaydi.

Bu safargi saylovda ularning ishtiroki o‘zgaradimi?

So‘nggi so‘rovlarning ko‘rsatishicha, demokratlar bu yil har qachongidan ko‘ra faollashgan. Partiya shundan umidvor va bu saylov natijalariga jiddiy ta’sir qilishi kutilyapti.

Prezident Tramp saylov kampaniyalarida faol bo‘ldi

Prezident Donald Tramp saylov arafasidagi so‘nggi kunlarini shtatlar bo‘ylab yurib, respublikachi nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash kampaniyalari bilan o‘tkazdi.

Bu galgi saylov prezident faoliyati yuzasidan referendum vazifasini ham o‘tashi kutilyapti. Chunki respublikachilarning qancha o‘rinni qo‘lga kiritishi aholi amaldagi prezidentni qanchalik qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatadi. Ayni paytda saylov oldidan o‘tkazilgan ommaviy so‘rovlar Prezident Trampning reytingi ancha past ekanini ko‘rsatmoqda.

Ogayoning Klivlend shahrida tarafdorlari davrasida gapirgan Tramp ushbu shtatdan Kongress uchun demokrat nomzodlarni "sotsialist" deb atadi va saylovchilarni seshanba kuni ularni to‘xtatishga chaqirdi.

"Ovozingiz bilan ularni to‘xtata olasiz", - dedi u.

Ayni paytda sobiq prezident Barak Obama ham demokratlarni himoya qilib saylov kampaniyalarida qatnashdi.

"Butun mamlakat bo‘ylab buyuk uyg‘onishni ko‘ryapman. Bu uyg‘onish menga umid beryapti", - dedi Obama.

So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, respublikachilar Senatdagi ustunlikni saqlab qoladi, Vakillar palatasida esa ko‘pchilik o‘rinlarni demokratlar qo‘lga kiritadi.

Saylov uchastkalari ochildi

AQSh bo‘ylab Kongress oraliq saylovlari uchun ovoz berish boshlandi. Aksariyat shtatlarda saylov uchastkalari ertalab soat 7:00 dan ochildi.

Saylovlar bu mamlakatda har doim noyabrning dastlabki seshanbasida bo‘lib o‘tadi. Bu ish kuni bo‘lgani bois, ko‘pchilik ishga borishdan oldin yoki ishdan chiqib ovoz beradi. Uchastkalar, odatda, kech soat 20:00 da yopiladi.

Америка сайловлари: Сиëсатдаги аëллар ва уларнинг жамғармаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:41 0:00

XS
SM
MD
LG