"Parnas" siyosiy harakatining Vladimir shahridagi koordinatori hamda "Tomiks-TV" muharriri Anna Galinkina mahalliy avtobus bekatlarida Stalin davridagi maxfiy politsiya zobitlari olqishlangan plakatlarni ko‘rib, dahshatga tushdi.
Uning otasi Zinoviy Galinkin Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin "anti-sovet propaganda" bilan shug‘ullanishda ayblanib, Gullagga yuborilgan.
Shuning uchun ham, Galinkina prezidenti Vladimir Putin yetakchiligida o‘z oila a’zolarini azoblagan shaxslar oqlanayotganidan mamnun emas.
- Bekatlardagi bu stendlar putin rejimi "mushkul 90-yillar" emas, balki Sovet davr vorisi ekani, o‘sha paytda tug‘ilganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bugun bu narsa ochiq-oydin, niqoblar yechib tashlandi, desak bo‘ladi. Sovet chekistlarining amaldagi vorislari o‘z ajdodlari qo‘l urgan jinoyatlar odamlar xotirasidan ko‘tarilmasligi uchun kurashayotgan shaxslardan ochiqchasiga o‘ch olmoqda, - dedi Galinkina.
Putin va uning yaqin maslahatchilari sovet KGBsi veteranlaridir.
Putin hokimiyat tepasiga kelganidan beri o‘tgan yigirma yil davomida Rossiyada Sovet diktatori Iosif Stalin siymosi ijobiy tasvirlanib, uning o‘z xalqiga qarshi qo‘l urgan jinoyatlarini kichraytirish urinishlari kuzatilib kelinadi.
Vladimir shahridagi plakat kampaniyasini Federal Xavfsizlik Xizmatining (FSB) mahalliy muzeyi uyushtirgan bo‘lib, kampaniya doirasida tayyorlangan plakatlarda Sovet xavfsizlik xizmatlarida ishlagan xodimlarning qisqa biografiyasi keltirilgan.
Bu plakatlarda “Ular ChKda xizmat qilgan” shiorini ko‘rish mumkin.
“ChK” qisqartmasi ruscha “Chrezvichaynaya komissiya” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “Favqulodda komissiya” degan ma’noni bildiradi.
Kontrrevolyutsiya va sabotajga qarshi butunrossiya favqulodda komissiyasi 1917 yilda tuzilgan
“Chekist” so‘zining kelib chiqishi ham ushbu qisqartma bilan bog‘liq.
Sovet davrida xavfsizlik xizmatlarida, jumladan, Stalin davrida NKVDda va keyinchalik KGBda ishlagan har qanday shaxsni “chekist” deb atashgan.
Vladimirda har yili o‘tkaziladigan kampaniya joriy oyda yakunlandi.
30 oktabrda Rossiya bo‘ylab siyosiy qatag‘onlarda halok bo‘lgan millionlab shaxs xotirlanmoqda.
Vladimir shahri meriyasi matbuot kotibi Aleksandr Karpilovich bekatlardagi reklamalarga FXXning Vladimirdagi muzeyi buyurtma berganini aytdi.
Mazkur kampaniya shaharda 2013 yildan beri mahalliy xalq e’tirozisiz o‘tkazilib kelinadi.
Bu yilgi kampaniya davomida xavfsizlik xizmatlari Ikkinchi jahon urushi va urush tugaganidan keyingi yillarda o‘tkazgan amaliyotlarga bag‘ishlandi.
NKVD zobitlari xoinlikda ayblangan shaxslarni va dezertirlarni qo‘lga olib, ayovsizlik bilan jazolagan. Bu amaliyotlarga “SMERSh” nomi berilgan.
“SMERSh” zobitlari, shuningdek, urushdan keyin SSSRga qaytgan urush asirlarini "filtrdan o‘tkazish" va ularni mehnat lagerlariga yuborish bilan shug‘ullangan.
Plakatlarda tasvirlarning shaxslarning biri general leytenant Yakov Yedurnov bo‘lib, reklamada u urush va urush tugaganidan keyingi yillarda ukrain millatchilariga qarshi kurashgani aytiladi.
Qisqa biografiyada Yedurnov 1919 yildan 1953 yilgacha chekist bo‘lib ishlagani aytib o‘tilmagan.
Kampaniya davomida agentlarning urush yillaridagi faoliyatiga urg‘u berilganiga Vladimir shahri turg‘unlari turli munosabat bildirdi.
Ayrimlar bu agentlar chindan vatan uchun xizmat qilganini aytsa, boshqalar olqishlanayotgan shaxslarning barcha faoliyati yoritilishi kerakligini ta’kidladi.