Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:57

Lavrov: Yadroviy qurollar bitimi bo‘yicha AQShga javob tayyorlayapmiz


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Sovuq urush davrida imzolangan yadroviy qurollar bitimi bo‘yicha AQSh o‘rtaga tashlagan savollarga javob tayyorlayotganini bildirdi.

O‘tgan haftada AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington 1987 yilda imzolangan O‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha bitimdan chiqishini e’lon qilgan edi.

1987 yilning 8 dekabrida Mixail Gorbachyov hamda Ronald Reygan imzolagan bitim AQSh va Rossiyaga 500 km masofadan 5000 km masofagacha uchuvchi ballistik raketalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish man etadi.

Ammo AQSh rasmiylariga ko‘ra, Rossiya bitim shartlariga amal qilmay keladi.

Vashington ushbu xavotirlarni jamoatchilikka ilk marotaba 2014 yilda ma’lum qilgan edi.

Keyinroq AQSh Davlat departamenti Moskva bunday raketalardan foydalana boshlaganini bildirdi.

- Amerikaliklar ​bir hafta oldin, O‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha bitimdan chiqishlarini e’lon qilishlaridan bir necha kun oldin Moskvadagi elchixonalari orqali Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ularni xavotirga solib kelayotgan so‘rovlarni yuborishgan edi, - dedi Lavrov.

AQShning bitimdan chiqish qarori Rossiya bilan g‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar taranglashib borayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Bunga 2014 yilda Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasi anneksiya qilib olgani, Suriyadagi urushdagi roli, AQSh va Yevropada o‘tkazilgan saylovlarga aralashuvi hamda joriy yilning mart oyida Britaniyada sobiq rus josusining zaharlangani sabab bo‘ldi.

22 oktabr kuni Tramp yadroviy kelishuvdan chiqish qaroriga Rossiya 2014 yildan uning shartlarini buzib kelayotgani turtki bo‘lganini aytdi.

Bundan tashqari, prezident bitimni Xitoy imzolamaganini va shu sabab Pxenyan man etilgan qurollarni muammosiz ishlab chiqarayotganini yana bir sabab o‘laroq ko‘rsatdi.

AQShning kelishuvdan chiqish haqidagi tahdidlari ortidan Lavrov New START ("Yangi START") shartnomasi taqdiri savol ostida qolayotganini ta’kidladi.

2010 yili o‘shandagi prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedevlar imzolagan New START shartnomasi strategik yadroviy qurollarga cheklov qo‘yadi.

Bitim 2021 yilda o‘z kuchini yo‘qotadi. Ammo ikki taraf uni yana besh yilga uzaytirishi mumkin.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vashington O‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha bitimdan chiqadigan bo‘lsa, yangi “qurol poygasi” boshlanishi haqida ogohlantirdi.

NATOga a’zo davlatlar esa Vashingtonni kelishuvdan chiqish o‘rniga Rossiyani unga amal qilishga undashga chorlamoqda.

28 oktabr kuni AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis AQSh Yevropadagi hamkorlari bilan bitim masalasida muzokara olib borayotganini aytdi.

- [Rossiya shartnomani buzib kelayotganiga] bir necha yo‘l bilan javob qaytarish mumkin. Bunday javob simmetrik bo‘lishi shart emas. Uni hamkorlarimiz bilan yaqindan maslahatlashib, tanlaymiz, - dedi vazir.

XS
SM
MD
LG