Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:44

"Hokimlik yuristi" tunda tadbirkor uyiga bostirib kirdi


Ўзини "ҳокимлик юристиман" деб таништирган аёл тадбиркор уйига тунда бостириб кирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:00 0:00

O‘zini "hokimlik yuristiman" deb tanishtirgan ayol tadbirkor uyiga tunda bostirib kirdi

Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tumanilik tadbirkorning Ozodlikka xabar qilishicha, 22 oktabr, soat 23:15 da uning uyiga o‘zini "hokimlik yuristiman", deb tanishtirgan ayol bostirib kirgan va o‘sha paytda uyida ishlayotgan ishchilarni "paxtaga chiqmayapsan", deya haqorat qilgan.

Uy-ishxona egasi, 28 yashar Jahongir Zaynobiddinov bostirib kirgan "hokimlik yuristi" bilan og‘zaki janjali aks etgan videoni ham Ozodlikka jo‘natdi.

Ammo, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi yuristi videoni ko‘rgach, bu ayolni tanimasligini bildirdi.

To‘raqo‘rg‘on tuman, Kalvak mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi, "Standart yashchik" MChJ muassisi, 28 yashar Jahongir Zaynobiddinov eksport qilinadigan meva-sabzavot uchun yashchiklar yasaydi.

“Pishiqchilik bo‘lgani uchun yashchikka talab katta. Shuning uchun kechqurunlari ham ishlayapmiz. Alohida ishxona qurish uchun sharoitim yo‘qligi bois uyimni ishxona qilganman. Qo‘limda 22 kishi ishlaydi”, -dedi Jahongir.

"Men ichkarida, uyda edim, - deb boshladi Jahongir 22 oktabr oqshomida o‘z uyida sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risidagi hikoyasini, - ikkinchi smenada ham ish bo‘lgani uchun eshigimiz ochiq turadi. Men ichkarida edim. U ayol eshikni tepib kirgan. “Nima qilayapsanlar?”deb o‘dag‘aylagan. “Yashchik qoqayapmiz”, deyishsa, “Nega shuning o‘rniga paxtaga chiqmaysanlar”, degan. Ayollarni j..., erkaklarni k... deb haqorat qilgan."

Jahongir Zaynobiddinovning aytishicha, ayol o‘zini “Hokimlik yuristiman”, deb tanishtirgan. Ayolning ismini Jahongir aniq eslolmadi: “Kimyoxonmidieey”, dedi.

Ishchilari “Hokimlikdan birov keldi”, deb chaqirganidan so‘ng Jahongir uydan chiqib, o‘zini tutishidan spirtli ichimlik ichib olganday ko‘rinayotgan ayol bilan muloqotga kirishadi va o‘rtada boshlangan aytishuvni videoga ola boshlaydi.

“O‘z haqimni talab qilishni, videoga olishni boshlaganimdan keyin u ayol mavzuni o‘zgartirib, “men senga ish topib bermoqchiydim”, deb tashqariga chiqishimizni so‘radi. Tashqariga chiqqandan keyin “Neksiya” mashinasiga o‘tirib ketib yubordi”, - dedi Jahongir.

Tadbirkorning aytishicha, u qorong‘i bo‘lgani uchun ayol o‘tirib ketgan mashina nomerini ilg‘ab qololmagan.

“Militsiyaga telefon qildim, lekin hech kim kelmadi”, - dedi Jahongir Zaynobiddinov.

Ozodlik Kimyo ismli “hokimlik yuristi”ni izlab, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi yuristi Anvarjon (familiyasini aytmadi) bilan bog‘landi.

Yurist hokimlikda Kimyo ismli yurist yo‘qligini, umuman, hokimlikda o‘zi yolg‘iz yurist ekanligini aytdi.

Shundan so‘ng Ozodlik Anvarjonga Jahongir Zaynobiddinovdan kelgan videoni jo‘natdi.

Videoni ko‘rgan To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi yuristidan “Men bu ayolni tanimadim, bizda Kimyoxon degan ismli xodim ishlamaydi”, degan javob keldi.

Tadbirkor Jahongir Zaynobiddinov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda “uyiga mast holda bostirib kelgan ayolni tegishli organlar topib jazolashiga umid qilayotganini,” bildirdi.

Namanganlik tadbirkor yigit Ozodlik bilan muloqot davomida o‘zi va u kabi tadbirkorlar “o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yotgani”, kredit so‘rab bir necha marta qilgan murojaatlari javobsiz qolib ketayotganidan shikoyat qildi.

“Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich olib borayotgan siyosatni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin bu siyosatning joylardagi ijrosi to‘laqonli bo‘lmayapti. Biz tadbirkorlarga respublika rahbariyatidan bir vagon imkon ochilayotgan bo‘lsa, bizga o‘sha vagondan bitta chelakda ham suv kelmayapti”, - dedi 28 yashar namanganlik tadbirkor, oliy ma’lumotli yurist Jahongir Zaynobiddinov.

P.S.

Respublika huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga qaraganda, Namangan viloyat prokuraturasi tadbirkorning uyiga bostirib kirgan ayolning shaxsini aniqlagan, voqea o‘rganilmoqda.

XS
SM
MD
LG