Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:41

Yerda hayot paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan reaksiyalar zanjiri aniqlandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Yer yuzida hayot shakllanishida RNK muhim o‘rin tutgani shubhasiz. Ammo ushbu molekulaning kelib chiqishi bizga ma’lum emas.

Endilikda bir guruh olim sodda materiallardan RNKning to‘rt kimyoviy tarkibiy qismi bo‘lmish sitozin, uratsil, adenin hamda guaninni yaratish mumkinligini ko‘rsatib berdi.

2009 yilda Kembrij universiteti olimlari birgalikda pirimidinlar o‘laroq ma’lum bo‘lgan sitozin va uratsil kelib chiqishiga turtki bo‘lishi mumkin bo‘lgan va Yerda hayot endi shakllana boshlagan paytda sayyorada mavjud bo‘lgan besh birikmani ko‘rsatib bergan edi.

2013 yilga kelib Myunxen universiteti xodimlari Tomas Kerell yetakchiligida birgalikda purinlar deb nomlanuvchi adenin va guaninni keltirib chiqara oladigan sodda birikmalarni aniqladi. Ammo barcha komponent bir paytda qanday qilib yuzaga kelgani sir bo‘lib qolayotgan edi.

Joriy haftada esa Kerell bu jumboqni yechilganini e’lon qildi. Seshanba kuni olim hamkasblari bilan RNKning barcha to‘rt komponentini keltirib chiqarishga qodir sodda reaksiyalarni aniqlaganini bildirdi.

Kerell hikoyasida olti molekulyar komponent bo‘lib, bular kislorod, azot, metan, ammiak, suv va sinil kislotadir. Bundan avval o‘tkazilgan tajribalar ushbu olti molekula Kerell yaratgan birikmalardan murakkabroq birikmalarni yaratishga qodir ekanligini ko‘rsatgan.

Pirimidinlarni keltirib chiqarish uchun Kerell va uning hamkasblari reaksiyaga kirishib, amino-izoksazol deb nomlanuvchi birikmalarni keltirib chiqarishga qodir bo‘lgan sianoatsetilena va gidroksilamin birikmalaridan foydalangan. Amino-izoksazol esa, o‘z navbatida, karbamid moddasi bilan reaksiyaga kirishib, riboza deb nomlanuvchi shakarni hosil qilgan. Nihoyat, tiol hamda tarkibida temir yoki nikel tuzlari bo‘lgan birikmalar ta’sirida sitozin va uratsil olingan.

Oxirgi reaksiya tuzlardagi metallarda oshiqcha musbat zaryad bo‘lganda sodir bo‘lishi kuzatilgan. Qizig‘i, adenin va guanin yaratish uchun lozim bo‘lgan reaksiyalar zanjiri yakunida tuzlarda oshiqcha musbat zaryad hosil bo‘ladi. Bundanda muhimi, to‘rttala nukleotidni keltirib chiqarish jarayonini bitta idishda amalga oshirish mumkinligi aniqlangan. Bu esa RNKning to‘rt komponenti bir vaqtda qay yo‘sinda hosil bo‘lgani haqidagi savollarga javob bo‘la oladi.

Ammo bu bilan RNK haqidagi barcha jumboqlarga yechim topilgani yo‘q. Masalan, boshqa bir kimyoviy jarayon RNKning to‘rt tarkibiy qismi birikishiga turtki bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, olimlar hayot endi shakllana boshlagan paytda mavjud bo‘lgan sharoitda RNK yaratish sari katta qadam tashlanganini aytmoqdalar.

XS
SM
MD
LG