Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:56

Tramp AQSh Rossiya bilan imzolangan yadroviy kelishuvdan chiqishini e’lon qildi (VIDEO)


20 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Sovuq urush davrida Rossiya bilan imzolangan muhim yadroviy kelishuvdan chiqishini e’lon qildi.

Bu orada Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton 1987 yilda imzolangan O‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish bo‘yicha bitimni (ruscha Dogovor o likvidatsii raket sredney i maloy dalnosti) hamda boshqa masalalarni muhokama qilish uchun Rossiyaga otlandi.

Nevada muxbirlar oldida so‘zlagan Tramp Moskva bitim shartlarini buzib kelayotganini yana bir bor takrorladi. "Bitimni tugatamiz, undan chiqamiz", dedi prezident.

- Rossiya bitimni buzib keladi. Uzoq yillardan beri shunday qilib keladilar. Ularga yadroviy kelishuvni buzib, biz yasashimiz mumkin bo‘lmagan qurollarni ishlab chiqarishlariga yo‘l bermaymiz. Rossiya, Xitoy bizga kelib, kelinglar, o‘ylab ish qilaylik, hech birimiz bu qurollarni ishlab chiqarmaylik demas ekan, o‘sha qurollarni o‘zimiz ishlab chiqaramiz. Lekin Rossiya, Xitoy o‘z bilganidek qiladigan bo‘lsa, biz kelishuvga amal qilishda davom eta olmaymiz, - deya qo‘shimcha qildi prezident.

21 oktabr kuni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Bolton o‘z tashrifi davomida Vashingtonning kelishuv bo‘yicha rejalariga oydinlik kiritishi kutilayotganini aytdi.

Sergey Ryabkov Vashingtonning Rossiya bilan imzolangan muhim yadroviy kelishuvdan chiqishi qarorini "o‘ta xavfli qadam" deb baholadi.

- Bugun AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Moskvaga keladi. Umid qilamanki, u bilan ertaga va indin o‘tkazadigan uchrashuvlarimiz davomida AQSh qanday choralarni ko‘rishni rejalashtirayotgani haqida ko‘proq va batafsilroq bilib olamiz, - dedi Ryabkov “TASS“ agentligiga bergan intervyusida.

Avvalroq Rossiya davlat matbuoti Tashqi ishlar vazirligidagi manba AQSh “bir qutbli ”dunyo yaratish orzusiga erishish uchun kelishuvdan chiqishga rejalashtirayotganini ta’kidlaganini xabar qilgan edi.

1987 yilning 8 dekabrida Mixail Gorbachyov hamda Ronalьd Reygan imzolagan shartnoma AQSh hamda Rossiyaga o‘rta masofaga yerdan otiladigan raketalarni ishlab chiqarishni yoki ulardan foydalanishni man etadi.

AQSh rasmiylarning aytishicha, Rossiya kelishuv shartlarini buzib, bunday raketalarni ishlab chiqarishda davom etgan. 2014 yilda Vashington ilk marotaba ushbu xavotirlarni jamoatchilikka ma’lum qildi.

Keyinroq AQSh Davlat departamenti Moskva bunday raketalardan foydalana boshlaganini bildirdi.

Rossiya esa, o‘z navbatida, AQSh ayblovlarini rad etib, AQShning Yevropadagi ayrim harbiy tizimlari bitim shartlariga zid ekanini iddao qilib keladi.

19 oktabr kuni The Guardian hamda The New York Times nashrlari AQSh rasmiylari Yevropadagi hamkorlariga AQShning bitimdan chiqish rejasi haqida bildirganini xabar qildi. The New York Times gazetasiga ko‘ra, Vashington ushbu masala bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilmagan.

Tramp sharhlaridan bir necha kun oldin Putin o‘z mamlakati yadroviy qurollardan faqat javob qaytarish uchun qo‘llanishini ta’kidlagan edi.

Joriy yilning fevral oyida AQSh Mudofaa vazirligi yadroviy holatni qayta ko‘rib chiqish rejasi e’lon qilingan edi. Hujjat AQSh qurollarini qayta ko‘rib chiqishga hamda ozroq quvvatga ega yangi yadroviy qurollarni ishlab chiqarishga chorlaydi.

Hujjatda, shuningdek, Rossiyada Sovuq urush paytidan beri mavjud bo‘lgan harbiy doktrinaga alohida urg‘u berilgan. Ushbu doktrinada Moskva Yevropada kichikroq mojaro davomida oz quvvatli yadroviy qurollardan foydalanib, AQSh va NATOni ortga siljishga majburlashi ko‘zda tutilgan.

Ayrim g‘arb rasmiylariga ko‘ra, bunday hujjat yadroviy qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni ozaytiradi.

XS
SM
MD
LG