6 oktabr, soat 18 dan keyin Chorsudagi kitob do‘konlari qatorida boshlangan reyd to‘rtta do‘konni muhrlash bilan yakun topdi. Muhrlangan do‘konlardagi tovarlar reydni o‘tkazganlar tomonidan olib ketildi.
Yopib qo‘yilgan do‘konlar egalaridan olingan bu ma’lumotni reydni o‘tkazgan xizmatlardan biri – Shayxontohur tuman Soliq inspeksiyasi tasdiqladi.
Ayni paytda shikoyat qilganlarning “do‘konlar diniy adabiyot sotgani uchun yopildi”, degan iddaosi tasdig‘ini topmadi – passajdagi boshqa do‘konlarda diniy adabiyotlar savdosi davom etmoqda.
"Ayovsiz reyd"
Ozodlikka Shuhrat degan imzo bilan kelgan xatda bunday deyilgan:
“Do‘konimizni ayovsiz bosib, Qur’on kitoblarini hamda mushk-atirlarni olib ketishdi. Shaxsan mening 7000 dollarli molimni olib ketishdi, iltimos, yozinglar bu haqda, jamoatchilik bilsin!”
Muallif o‘z xatiga do‘konining muhrlangan eshigi suratini ham ilova qilgan.
"Tekshiriladi"
Toshkent shahar, Shayxontohur tuman Soliq inspeksiyasining o‘zini tanishtirishni istamagan xodimi Chorsudagi kitob do‘konlarida “o‘tgan kuni” reyd o‘tkazilganini tasdiqlar ekan, bunday dedi:
“Shikoyat tushgan. Hujjatsiz bo‘lgan u do‘konlar. Tovarlari olingan. Tekshiriladi”.
Soliqchi shikoyat kimdan tushgani, reydda yana qaysi xizmatlar qatnashganiga doir savollarga javob bermadi.
Chorsudagi to‘rtta do‘konning muhrlab qo‘yilishi shaharning boshqa joylaridagi diniy adabiyotlar bilan savdo qiluvchi do‘kon egalariga yashin tezligida yetib, ular vahimaga tushib qolgani Ozodlik o‘tkazgan suhbatlardan ma’lum bo‘ldi.
Bugungi vaziyat
Jurnalist Abdurahmon Tashanov, Ozodlikning iltimosiga binoan, 9 oktabr kuni Chorsuga borib, kitob passajidagi vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Uning aytishicha, passajdagi to‘rtta do‘kon yopilgani rost.
“Passajdagi 21 ta do‘kondan 4 tasi muhrlanganini ko‘rdim. Yaqin borib, muhrlariniyam ko‘rdim”.
Tashanovning passajdagi boshqa do‘konlar egalariga tayanib aytishicha, muhrlangan do‘konlarni tom ma’nodagi kitob do‘konlari deyish qiyin bo‘lgan.
“Aytishlaricha, bu do‘konlarda diniy kitoblardan tashqari attorlik mollari, hatto ginekologik preparatlar sotilgan. To‘g‘risi, bu do‘konlarga men o‘zim ham bir necha marta kirganman. Kitob do‘konidan ko‘ra, attorlik do‘koniga o‘xshardi”.
Kitobdan tashqari “mushk-atirlar” ham sotganini Ozodlikka shikoyat qilgan do‘kondorning o‘zi ham xatida tan olgan.
Attorlik mollarini aynan shu passajda sotish mumkin emasmi yoki ularni umuman sotish mumkin emasmi – Ozodlik bu savolga javob topa olmadi.
Diniy adabiyotlar bemalol sotilmoqda
Tashanov 9 oktabr kuni olgan va Ozodlikka taqdim etgan video va fotolarda Chorsu kitob passajidagi boshqa do‘konlar ishlayotganini, ularda diniy adabiyotlar ham keng assortimentda sotilayotganini ko‘rish mumkin.
Ozodlik mavzuni o‘rganar ekan, Toshkentning boshqa joylaridagi hamda viloyatlardagi qator kitob magazinlari bilan bog‘lanib, ularda hech qanday favqulodda tekshiruv yo‘qligini ayniqladi.
Kitob savdosi uchun ochilgan keng yo‘l
2017 yilning 13 sentabrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi.
Qarorda kitob mahsulotlarini chop etish va kitob mutolaasini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab qo‘yilgan.
Mazkur hujjatga binoan, yuridik shaxs maqomiga ega tadbirkorlik sub’ektlariga har bir shahar va tumanda, qishloq va ovulda kitob savdosiga ixtisoslashgan do‘konlarni tashkil etish maqsadida davlat mulki ob’ektlari tekin foydalanish uchun beriladi.
Bundan tashqari, savdo aylanmasida kitob sotish ulushining hajmi 70% dan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxslar - tadbirkorlik sub’ektlari 2020 yil 1 yanvarga qadar yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi.