Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:50

Sevimli TV seks sahnasini kesib tashlamagan xodimlarini ishdan haydadi


Sevimli TV xususiy telekanali 15 iyul kuni efirga berilgan xorijiy filmdagi intim sahna qirqib tashlanmagani uchun uzr so‘radi. Telekanal “milliy ahloqqa zid sahnani o‘tkazib yuborib, xatolikka yo‘l qo‘ygan" xodimlarini ishdan bo‘shatdi.

“Hurliqo”ning “uyatsiz sahnasi”

15 iyul kuni soat 22:30da Sevimli TV orqali “Hurliqo” (I Feel Pretty) xorijiy filmi to‘laligicha efirga uzatildi ya’ni filmdagi “milliy mentalitetga mos bo‘lmagan” sahnalar qirqib tashlanmagan holda tomoshabinlarga namoyish qilindi.

​Tomoshabinlar tomonidan tasvirga olib tarqatilgan filmning o‘sha “uyatsiz sahnasida” ayol va erkakning o‘pishayotgan kadri aks etgan. Biroz o‘tib kadrda ayolning yalang‘och yelkasi ko‘rinadi va keyin to‘shakda yotgan erkakning bosh qismi ko‘rinadi. Ayol va erkakning harakatlanishidan bu kadrlar jinsiy aloqaga ishora ekanligi anglashiladi.

Shu kunning o‘zida filmni ko‘rgan tomoshabinlarning muayan guruhi orasida “o‘zbekchilikka zid” film namoyish etgan telekanalni qoralash kampaniyasi boshlandi. Ayrimlar “millat ma’naviyatini oyoq osti qilgan” telekanal ma’muriyatiga qat’iy chora ko‘rish talabi bilan chiqdi.

“Uyatsiz sahna” uchun kechirim

16 iyul kuni tushga yaqin Sevimli TV telekanalining Facebook sahifasida “kechirim xati” e’lon qilindi. Telekanal ma’muriyati “Hurliqo” filmidagi intim sahna xatolik bois efirga uzatilgani va bunga xodimlarning mas’uliyatsizligi sabab bo‘lganini ta’kidladi.

“Filmda texnik xato tufayli milliy axloqimizga zid qisqa epizod o‘tib ketib qolgani uchun” barcha teletomoshabinlardan uzr so‘ragan telekanal ijodiy jamosi “Bunday xato takrorlanmasligi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rildi va belgilandi”, deya xabar qiladi.

Kamida uch kishi ishdan ketdi

Sevimli TV xodimlaridan birining ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, “Hurliqo” filmidagi intim sahna mojarosi bois kamida uch xodim ishdan olingan:

“Odatda har bir film, ayniqsa, chet el kinolari avvaldan tomosha qilinib, undagi mentalitetimizga mos bo‘lmagan sahnalar montaj qilinib, qirqib tashlanishi lozim. Yakshanba kuni bo‘lgani bois odam kam bo‘lgan va kinoni montaj qilish eslaridan chiqib qolgan. Men ertalabki majlisda qatnashmadim, lekin hamkasblarimning aytishicha, uch kishi ishdan bo‘shatilibdi. Ichida o‘sha kungi navbatchi muharrir ham bor. Balki yana kimlarnidir ishdan olishi yoki vigovor berishlari mumkin ekan. Kechaning o‘zida to‘polon bo‘lib ketdi. Haligacha bu to‘polon bosti-bosti bo‘lmadi”, dedi Sevimli TV xodimlaridan biri.

Suhbatdoshning aytishicha, ular qo‘lida “mentalitetga mos bo‘lmagan sahnalar ro‘yxati” yo‘q.

“Shaxsan men bunaqa ro‘yxatni ko‘rmaganman. Lekin oilada o‘tirgan payti ko‘rish uyat bo‘lgan sahnalar, masalan, o‘pishish, quchoqlashish yoki to‘shakda yotgan sahnalarni berish mumkin emasligini hammamiz bilamiz. Bizda chet elga o‘xshab, detskiy vremyadan keyin +18 kinolarini berish degan narsa yo‘q. 24 soat ko‘rsatuv bersangiz, hammasiga birday talab bor”, deydi telekanal xodimi.

Xorijiy filmlarni montaj qilish qonuniymi?

Xorijiy filmlarni montaj qilish qaysi qonuniy hujjatga muvofiq amalga oshiriladi? Istalmagan sahnalarni qirqib tashlash orqali film mualliflarining huquqlariga daxl qilinmayaptimi? Bu savollar - alohida katta mavzudir.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ozodlik bog‘langan xodimi «Milliy mentalitetga mos kelmaydigan sahnalar» borasida vazirlik huzuridagi Monitoring markazidan ma’lumot olishimiz mumkinligini aytdi.

Teledasturlarni kuzatib boruvchi Monitoring markazining o‘zini Rashid deb tanishtirgan xodimi esa, bergan savollarimizni o‘rganib, keyin o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishini aytib, Ozodlik muxbirining telefon raqamlarini yozib oldi. Biroq qo‘ng‘iroq qilishmadi.

"Bitta labidan o‘pganiga shunchami?

Sevimli TVdagi “uyatsiz” sahna borasida bahslashgan ijtimoiy tarmoqlar yuzerlari ikki guruhga bo‘lingani kuzatildi. Ushbu sahna namoyishini qoralagan muayyan guruhga qarshi turgan yuzerlar bu kabi sahnalarning hech qanday uyatli joyi yo‘qligi haqida yozishdi.

Jumladan, Facebook foydlanuvchisi @Otabek Kadirov “Bitta labidan o‘pgan sahnani o‘tib ketganiga shuncha shov-shuv qilish kerakmi?! Odamlar “Daydi qizning daftari” “Bahor qaytmaydi” “Shaytanat”lardagi shunaqa joylarini o‘qib san’at darajasiga olib chiqishadiyu bitta tvda ko‘rganini mentalitetga qarshi deb propaganda qiladi. Absurddan boshqa narsa emas”, deya yozdi.

Jurnalist Jasur Hamroev esa “Har bir film har bir millat xususiyatlarini inobatga olib, yaratilsa, “bo‘tqa” bo‘ladi-ku?! Shundoq ham filmlarni “qirqaverib”, mazmuni “poyintar-soyintar” bo‘lib qolmoqda!” deya yozg‘irdi Facebook sahifasi orqali.

Joriy yil 16 fevral kuni O‘zbekistondagi ZO’R TV kanali "milliy mentalitetga mos bo‘lmagan"i bois bahsga sabab bo‘lgan Turkiyaning “Sevgi iztirobi” seriali namoyishini to‘xtatgan edi. Ushbu serialga ovoz bergan aktyorlarga nisbatan islomiy sayt orqali tahdid qilinib, serial islomiy axloq normalariga zid ekani iddao etilgandi.

XS
SM
MD
LG