Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:37

Janubiy Koreya bilan harbiy mashqlarni to‘xtatish AQSh uchun to‘g‘rimi?


Prezident Tramp Janubiy Koreya bilan yillik harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatamiz, demoqda. Biroq bu AQShning mintaqadagi ittifoqchilari va ayrim harbiy mutaxassislarni xavotirga solmoqda.

Donald Trampning Kim Chen In bilan Singapurda o‘tgan tarixiy uchrashuvidan so‘ng AQSh prezidenti yarim oroldagi harbiy mashqlarni to‘xtatishni va’da qildi.

«Bizga qimmatga tushayotgan harbiy o‘yinlarni to‘xtatamiz. Chunki ular o‘ta provokatsiondir. Shimoliy Koreya g‘ashini keltiradigan amaliyot to‘xtalishidan xursand. Agar samimiy kelishib olsak, mashg‘ulotlardan voz kechamiz. Ham ko‘p pul tejaymiz», - dedi Tramp.

Ayrim ekspertlar prezidentning mashg‘ulotlarni Xitoy va Shimoliy Koreya ta’rifi kabi provokatsion, deb ataganini tanqid qilmoqda.

«Amerikaning oldingi prezidentlari harbiy mashg‘ulotlarni provokatsion, deb atamagan. Ular mudofaani mashq qilishga qaratilgan», - deydi Amerikaning Koreya iqtisodiyotini o‘rganish institutidan Kayl Ferrier.

Bundan bexabar Janubiy Koreya rasmiylari Prezident Tramp bilan uchrashib, masalani oydinlashtirmoqchi.

AQShning Janubiy Koreyadagi qo‘mondonligi vakili bergan ma’lumotga ko‘ra, qo‘shinlarga yangi ko‘rsatma va buyruq kelmagan, harbiy xizmat odatdagiday o‘tmoqda.

Ba’zilar Trampning harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatish qarorini chekinish va yon berish, deb ko‘rmoqda.

«Kim Chen In yil boshidagi bayonotida mashg‘ulotlarga qonuniy asos borligini, ularning zarur ekanini tushunishini aytgan edi. Shundan bir necha oy o‘tib, Prezident Tramp mashg‘ulotlarni to‘xtatamiz, demoqda. Shimoliy Koreya hali hech bir ish qilmay turib shunday bo‘layotgani qiziq», - deydi Ferrier.

Boshqalar nazarida esa, bu yadroviy qurolsizlanishga erishish yo‘lida muhim va dadil qadam bo‘ldi.

«Bu yon berish emas, bu shunchaki tanaffus. Hech narsadan voz kechayotganimiz yo‘q. Harbiy salohiyatlarimizni yo‘qotmagan holda shunchaki harakatlarni to‘xtatib turibmiz. Ammo agar bu tahdidning kamayishiga olib kelsa, demak Amerika manfaatlariga javob beradi», - deydi iste’fodagi podpolkovnik Daniel Deyvis.

Janubiy Koreyada 28 ming 500 amerikalik harbiy bor. Shulardan 3500 nafari jangovar brigadani tashkil etadi. Tramp kelgusi muzokaralarda ularni yarimoroldan ko‘chirishni taklif etib, ba’zi masalalarda ustunlikka erishishi mumkin, deydi Deyvis.

«Bu qo‘shinlar oldiga qanday maqsad qo‘yilgan? Bizni himoya qilish. Ammo bu kuchlarni olib chiqish bilan himoyamiz kuchayadigan bo‘lsa, demak bu variantni jiddiy ko‘rib chiqish kerak», - deydi mudofaa masalalari bilan shug‘ullanuvchi kompaniya eksperti.

Ayni damda AQShning yarimoroldagi qo‘shinlari sonini qisqartirish kun tartibida yo‘q. Buning uchun Kim Chen In avval qurolsizlanish yo‘lida konkret qadamlar qo‘yishi zarur.

XS
SM
MD
LG