Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:31

AQSh va O‘zbekiston 6,5 mlrd dollarlik shartnoma va hamkorlik memorandumlarini imzoladi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Vashingtonga rasmiy tashrifidan oldin o‘zbekistonlik tadbirkorlar va davlat kompaniyalari Amerika firmalari bilan 6,5 milliard dollarga teng shartnoma va hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

O‘tgan yil sentabr oyida Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan O‘zbek-Amerika biznes forumida ham tomonlar qator bitimlarga erishgan edi.

O‘zbekistonga yaqinda borib kelgan biznes-konsultant Filip De Leonning aytishicha, mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlar Amerika kompaniyalariga umid bag‘ishlamoqda.

"Markaziy Osiyodan yaqinda qaytdim, O‘zbekistonda ham bo‘ldim. Prezident Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri juda ko‘p o‘zgarishlarni payqadim, bozorni ochib tashladi. Ilgari imkoniyatlar cheklangan edi, hozir esa odamlar ilhomlangan, ko‘p ishlarga qo‘l urishyapti, chunki prezident yordam berishga tayyor ekanini bilishadi. Amerikadagi ko‘plab kompaniyalar bilan hozir aloqadamiz, ularni O‘zbekistondagi yangi imkoniyatlardan foydalanib qolishga da’vat etyapmiz. Siyosat o‘zgargan sari O‘zbekistonda ishlamoqchi bo‘lgan shirkatlar soni oshmoqda. Valyuta konvertatsiyasi, daromadni mamlakatdan olib chiqish kabi masalalarda yengilliklar yaratilmoqda, biznes oldidagi to‘siqlar olib tashlanmoqda. Prezident tadbirkorlikni rivojlantirishga bel bog‘laganiga guvoh bo‘lyapmiz va buni biznes hamjamiyati ham ko‘rmoqda", deydi De Leon.

Asosan, neft va kimyo, energetika, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va fuqarolik aviatsiyasi sohalarida 20 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

AmeriFund kompaniyasi vitse-prezidenti Farhod Murodov O‘zbekistonda Amerikaning Best Western, Wyndham kabi mehmonxonalari qurilishini moliyalash rejasi borligini aytdi.

O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Suhrob Xolmurodov tadbirkorlarga qo‘yilgan ba’zi soliq turlarini bekor qilish rejasi haqida ma’lum qildi. Uning aytishicha, ayni damda shirkatlarni ro‘yxatga olish ancha osonlashgan.

Sarmoyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov xorijiy investitsiyalarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun qanday ishlar amalga oshirilayotganini bildirdi.

"O‘zbekiston nimasi bilan sarmoyadorlarni o‘ziga jalb qilmoqda? Avvalambor O‘zbekiston hukumati xorijiy sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilish kafolatini berdi. O‘tgan yildan boshlab daromadni mamlakatdan olib chiqishga qo‘yilgan barcha cheklovlar bekor qilindi, o‘tgan yil sentabrida boshlangan islohotlarni davom ettirgan holda Soliq kodeksini takomillashtirish, bojxona va tariflarni tartibga solish ustida ishlayapmiz, tadbirkorlarni ortiqcha ma’muriy yukdan ozod qilish bobida qator choralar ko‘rilmoqda. O‘zbekistonning xususiy va davlat kompaniyalari Amerika shirkatlari bilan hamkorlik qilmoqda", deydi rasmiy.

Vashingtondagi tadbirda nafaqat biznes, savdo va sarmoya, balki huquq bobida ham kelishuv imzolandi.

Chorshanba va payshanba kunlari prezident Mirziyoevning AQSh rahbariyati, Pentagon va Davlat departamenti rasmiylari, qonunchilar hamda Jahon Banki vakillari bilan uchrashuvlari rejalangan.

XS
SM
MD
LG