Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:51

Qirg‘iziston tarixida ikkinchi marta Hukumatga ishonchsizlik bildirildi


Qirg‘izistonning ishonchsizlik bildirilgan va iste’foga chiqishi kutilayotgan bosh vaziri Sapar Isaqov.
Qirg‘izistonning ishonchsizlik bildirilgan va iste’foga chiqishi kutilayotgan bosh vaziri Sapar Isaqov.

Qirg‘iziston parlamenti 19 aprel kuni ertalab Hukumatga ishonchsizlik bildirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Parlamentdagi 120 deputatdan 102 nafari, jumladan, hukumron partiyalardan deputat bo‘lganlar ham bu qarorni qo‘llab ovoz berdi.

Bir necha kun oldin Hukumatni qo‘llaganlar ham bugun ishonchsizlik bildirdilar

Parlament raisining o‘rinbosari Mirlan Bakirov “deputatlar tarixiy qaror qabul qildi”, deb bildirdi.

Parlament qarori endi prezidentga tasdiqlash uchun jo‘natiladi va Hukumat buning ortidan iste’foga chiqariladi.

17 aprelda parlamentdagi “Ata Meken", “Respublika Ata-Jurt” va “O‘nuguu-Progress” muxolifat fraksiyalari hukumatning 2017 yildagi faoliyatini “qoniqarsiz”, deb topgan.

Biroq hukumron Sotsial-demokratlar va “Qirg‘iziston” fraksiyasi hukumat faoliyatini ijobiy baholagan edi.

"Bosh vazir prezidentga oshkora chaqiriq tashladi, shuning uchun unga ishonchsizlik bildirdim"

Sotsial-demokratlar fraksiyasi lideri Isa O‘murqulov bir necha kun oldin Hukumat faoliyatini qo‘llagan hukumron koalitsiya deputatlari 19 aprelda unga ishonchsizlik bildirganini sharhlar ekan, bunga prezident va Bosh vazir o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchilik sabab bo‘lganini aytdi:

-Kelishmovchiliklar qirg‘iz xalqiga, farovonlikka va barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishini unutmasligimiz kerak. Shuning uchun parlament prezident va bosh vazirning o‘rtasida turib, o‘z pozitsiyasini bildirdi. Prezident ishdan olgan odamni bosh vazir o‘chakishib boshqa lavozimga tayinlashi, bu oshkora chaqiriq bo‘ldi. Men ziddiyatlarga qarshiman. Shuning uchun hukumatga ishonchsizlik bildirdim, -dedi Isa O‘murqulov.

Yangi va eski prezidentlar o‘rtasidagi ziddiyat

Avvalroq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Atambaevning eng yaqin odamlari bo‘lgan qator shaxslar, jumladan, Farid Niyozovni prezident ma’muriyati rahbari, Abdil Segizbaevni milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi, Indira Jo‘ldubaevani bosh prokuror, Bolot Suyumbaevni maxsus xizmat boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlaridan bo‘shatgan edi.

Qizig‘i shundaki, prezident lavozimidan bo‘shatgan Bo‘lo‘t Suyumbaevni Atambaevning shogirdi hisoblanadigan bosh vazir Sapar Isaqov 16 aprelda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlagan.

Sobiq prezident Almazbek Atambaev o‘z hukumronligi paytida turli lavozimlarga tayinlangan eng yaqin odamlarini yangi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov ishdan olganiga bir necha marta norozilik bildirgan.

"Bosh vazir ishonchni saqlab qolish uchun siyosiy etikaga rioya qilishi lozim edi"

Qirg‘izistonlik taniqli siyosatchi, parlamentning sobiq raisi Abdug‘ani Erkebaev Hukumat ishonchni yo‘qotishiga sabab bo‘lgan omillar haqida fikr bildirib:

-Buni ikki sabab bilan izohlasa bo‘ladi. Birinchisi, sobiq prezident bilan yangi prezident o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishi. Bosh vazir bunday vaziyatda siyosiy etikaga rioya qilmay, sotsial-demokratlarning quriltoyiga bordi, sobiq prezidentni xorij safariga kuzatib bordi. Ikkinchidan, bu Hukumat strategik va ishlab chiqarish masalariga e’tibor bermay, ko‘proq yengil-yelpi piar bilan shug‘ullandi,-dedi Abdug‘ani Erkebaev.

Ishonchni yo‘qotgan ikkinchi hukumat

Bosh vazir Sapar Isaqov rahbarligidagi Hukumat 2017 yilning avgustida ish boshlagan edi.

Sapar Isaqov rahbarligidagi Hukumat Qirg‘iziston tarixida ishonchsizlik bildirilgani ortidan iste’foga chiqariladigan ikkinchi Hukumat bo‘ldi.

Bundan oldin 1993 yilda Tursunbek Chingishev rahbarligidagi Hukumatga ishonchsizlik bildirilgan edi.

XS
SM
MD
LG