Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:36

O‘shda ishlayotgan o‘zbekistonliklar ish ruxsatnomasi olish yo‘lida sarson bo‘lmoqda


Ўшда ишлаётган ўзбекистонликлар иш рухсатномаси олиш йўлида сарсон бўлмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:02 0:00

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tirikchilik qilayotgan, biroq ishlashga ruxsatnomasi bo‘lmagan o‘zbekistonliklar militsiyaning 10-bo‘limi xodimlari tomonidan ushlab ketilib, 10 ming qirg‘iz so‘mi yoki taqriban 150 AQSh dollari miqdorida jarimaga tortilmoqda. Masalan, O‘shdagi yemakxonalardan birining egasi Madazim Usmonovning aytishicha, 29 mart kuni xotinining jiyanini militsiya xodimlari noqonuniy ishlayotganini aytib, olib ketishgan:

- Mening qaynonam og‘riqchan. Uni qarash uchun jiyanni chaqirganmiz, kelgan. U qaraydi, u bo‘lmaganida xotinim qaraydi. [Shunaqa paytda] xotinimning o‘rniga jiyanim chiqib ishlaydi. Shunday qilib ishlab yuribmiz. Jiyanim kassada turganida militsiyadan kelib, “O‘zbekistonlik ishlayabti, buning ruxsatnomasi bormi?” deb so‘rab qoldi. “Yo‘q, uning propiskasi bor” desam, “yo‘q, ishlashga ruxsatnoma kerak”, deb olib ketishdi. Borib akt, protokol yozib, ortidan qaror chiqarib, qisqasi 10 ming so‘m shtraf solib qo‘ydi. Borib to‘ladim. Ishga ruxsatnomani kim beradi, qanday yo‘llar bilan beriladi - bilmayapman, shu muammo bo‘layapti. Eshitishimcha, juda qimmat ekan, - dedi O‘shdagi “Oybek” mantixonasi sohibi Madazim Usmonov.

O‘shlik qizga uylanib, shu yerda tirikchilik qilayotgan namanganlik nonvoy Bahrom ham 2017 yil boshida O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasida “mehmon” bo‘lgan. Unga ham tartib posbonlari 10 ming so‘m jarima solgan. 2018 yil boshida esa takror qo‘lga tushgan Bahromning ishi sudga oshirilgan.

- Sudda ZAGS qog‘ozi, boshqa hamma hujjatlarim borligini ko‘rib, oqlab chiqarib yubordi. Keyin menga: “Sen ishlashga ruxsatnoma qildirib ol”, deyishdi, - dedi Bahrom Mamajonov.

Suhbatdoshimiz o‘tgan yili jarima to‘laganidan keyin ishlashga ruxsatnoma olish harakatini boshlagan. Ikkinchi bor ushlanganidan so‘ng hatto buning uchun advokat yollagan. Biroq, Bahromning aytishicha, u bir necha oydan beri O‘shda turib ruxsatnoma olishga erisholmayapti.

- Hamma hujjatni topshirdik, “Bishkek orqali bo‘ladi” deyishayapti, O‘shdan qilishning imkoni bo‘lmayapti, - dedi namanganlik nonvoy Bahrom Mamajonov.

Bahrom va u kabilarga yordam berayotgan advokat Saida Sobirova ancha yugur-yugurdan so‘ng o‘zbekistonlik muhojirlarga ishlash uchun ruxsatnoma faqat poytaxt Bishkekdagi migratsiya xizmati tomonidan berilishini aniqlaganini aytadi. U yerga borib kelish va boshqa hujjatlarni tayyorlash uchun taqriban 500 dollar atrofida pul sarflanishi kerak, bu esa muhojirlarga og‘irlik qiladi. Shu sababli advokat o‘zbekistonliklarga ishlash uchun ruxsatnoma beradigan bo‘limlarni O‘shda ham tashkil qilishni so‘raydi.

- Hujjatlarini olib, tayyorlab qo‘yganman. Bishkekka borib kelish uchun mablag‘ topishsa, o‘sha yoqqa borib kelishim kerak. Lekin aslida O‘shda shu masalada yordam qiluvchi ishxona yoki filial ochilganida, menimcha, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, - dedi advokat Saida Sobirova.

Qirg‘iziston hukumati qoshidagi Davlat migratsiya xizmatining O‘sh shahrida ham bo‘limi bor. Lekin bu bo‘lim muhojirlarga ma’lumot berish bilangina cheklanadi. Shu vajdan Bishkekdagi Migratsiya xizmatiga qo‘ng‘iroq qildik. O‘zini Migratsiya xizmati bosh mutaxasisi deb tanishtirgan Qanat Sag‘inbaevning aytishicha:

- Agarda ular “yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lib ishlayman” desa, saytimizda buning uchun qanday hujjatlar kerakligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor. O‘shalarni jamlab bizga topshiradi, davlat bojini to‘lab, ruxsatnomani olaveradi. Agar muhojirlarni yuridik shaxs jalb qilsa, unda o‘sha shaxs hujjatlarni yig‘ib, har bir odamga yiliga 2 ming so‘mdan to‘lab, ishlashga ruxsat oladi. Yuridik shaxsga odam yollashga ruxsat berish uchun undan 4 ming so‘m olinadi. Shundan so‘ng har bir odamga ishga ruxsat uchun 2 ming so‘mdan to‘lanadi. Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa, 20 ming so‘m to‘laydi va qo‘shimcha uch oy oldindan pul to‘lab, patent olishi kerak bo‘ladi. Ruxsatnoma shu patent asosida beriladi, - dedi Qanat Sag‘inbaev.

Sag‘inbaevga ko‘ra, muhojirlar hujjatlarni Migratsiya xizmati saytida elektron shaklda ham to‘ldirib, topshirishi mumkin. Saytda hujjat qabul qilish va ko‘rib chiqish bepul amalga oshirilishi, ruxsatnoma uchun pul faqat ruxsatnoma berilganidan so‘ng to‘lanishi aytilgan.

Ishlash uchun ruxsatnomaga talab qilinuvchi va boshqa kerakli hujjatlarni Migratsiya xizmati saytining “Davlat xizmatlari” bo‘limi ichidagi “Ishlash uchun ruxsat” bo‘limchasidan ko‘chirib olish mumkin.

XS
SM
MD
LG