Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:52

AQSh: Immigratsiya islohoti ustida tortishuvlar to‘xtamayapti


Prezident Donald Tramp AQSh immigratsiya tizimini yangilab, 21-asrga moslash lozim, demoqda. Uning to‘rt qismli rejasi chegarada devor qurish va ikki millionga yaqin hujjatsiz muhojirga fuqarolik uchun yo‘l ochishni o‘z ichiga oladi.

Chegarada devor… yaqingacha ikki partiya tortishayotgan masalalardan biri shu edi. Endi esa AQShning immigratsiya tizimini tubdan o‘zgartirish ustida bahs ketmoqda. Prezident o‘z nutqida prioritetlarni belgilab berdi.

“Mening burchim va saylangan vakillarning muqaddas burchi - amerikaliklarni himoya qilish. Ularning, oilalarining, mahallalarining xavfsizligini ta’minlash. Toki ular orzu qilishdan to‘xtamasin, har bir fuqaro orzusiga etsin”, deydi Tramp.

Amerikaga hujjatsiz olib kelinib, shu yurtda ulg‘aygan yoshlar ham doim himoyamizda bo‘ladi, deydi demokratlar.

“Bu yoshlarga aytadigan gapim shu: siz shu yurtning bir qismisiz. Siz uchun, haq-huquqingiz uchun kurashamiz. Himoya qilamiz”, deydi kongressmen Jo Kennedi.

Demokratlar grin-karta lotereyasi hamda oilaviy immigratsiya dasturlarini bekor qilishga qat’iyan qarshi.

“Axir shu dasturlar Amerikani dunyodagi eng qudratli davlatga aylantirgan. Qo‘yavering, mamlakatda qonuniy yashayotganlar oila a’zolarini, yaqinlarini olib kelsin. Oilalar birlashsa, butun bo‘lsa, bu yurtda muvaffaqiyat qozonish osonroq kechadi. Ularning ishi yurishsa, yordam bering deb davlatga tayanmaydi”, deydi kongressmen Voakin Kastro.

Prezident Trampning tvitlari, kutilmagan qarorlari u bilan kelishib ishlashni qiyinlashtiradi.

“Bizga aytgan gapi boshqa, ertasiga internetda yozgan gapi mutlaqo boshqa. Prezident o‘zimizga qo‘yib bersa, ikki partiya kelishib ishlay oladi”, deydi senator Ben Kardin.

Tramp partiyasining konservativ qanoti hujjatsiz muhojirlarga fuqarolik berishni istamayapti.

“Qonun borligicha ijro etilishi kerak. Immigratsiya qonunlarini buzgan bo‘lsangiz, qanday qilib sizni kechiramiz?”, deydi kongressmen Stiv King.

Mo‘’tadil respublikachilar fikricha esa masalani deportatsiyasiz hal qilsa bo‘ladi.

“1,8 million odamga fuqarolik imkoniyati berilsin. Chegara xavfsizligini kuchaytiraylik. Grin karta lotereya tizimini o‘zgartirish kerak. Oilaviy migratsiya masalasida esa hamon murosaga kelganimiz yo‘q”, deydi senator Jeff Fleyk.

Bir-biriga zid talablar xususida prezident shunday deydi:

“Adolatli murosa kerak. Hech kim barcha istagan narsasini ololmaydi. Davlatimiz uchun zarur islohotlar haqida o‘ylaylik”.

Tramp boshliq respublikachilar immigratsiyani 50 foizgacha kamaytirishni ko‘zlamoqda.

XS
SM
MD
LG