Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:16

Freedom House: O‘zbekiston o‘zgara boshladi, lekin erkin emas


Freedom House - "Ozodlik uyi" tashkilotining sarhisobicha, Markaziy Osiyo hamon diktatorlar qo‘lida. Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston uzoq yillik yakkahokimlar iskanjasi ostida. Mintaqaning eng yirik jamiyati O‘zbekistonda esa erkinlik shabadasi esa boshlagandek, lekin tashkilot bugungi vaziyatga boshqa ko‘plab xalqaro organlar singari ehtiyotkorona optimizm bilan yondashmoqda.

Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonda 2016 yilda hokimiyatga kelgach, islohotlar boshladi, deyiladi tahlilnomada. Azaliy va tub muammolar, xususan, majburiy mehnat, huquqbuzarlik va adolatsizlik, qiynoqlar, ishsizlik, yulg‘ichlik va jamiyatda tom ma’noda erkinlik yo‘lida to‘siqlar talay ekani tan olina boshladi. Davlat rahbari buni ochiq qayd etib, mamlakat endi yangi yo‘lga o‘tishini, xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlab, bu muammolarga echim izlashga ahd qilganini aytmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijga chiqish uchun alohida ruxsatnoma olish talabi bekor qilinishi kutilmoqda.

Respublikada konvertatsiya ochildi, valyuta bozori erkinlasha boshladi.

Mamlakatda fuqarolik jamiyati uchun yo‘l ochilayotgandek. Uzoq yillar oldin haydalgan Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining mamlakatdagi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha hukumat bilan muloqoti boshlandi.

Lekin O‘zbekiston erkinlik darajasi jihatidan hamon "eng yomon" muhitlardan biri. Huquqqa hurmat va qonun ustuvorligi bo‘yicha olib borilgan izlanishlarga asoslanib, respublika hali bu borada katta qadamlar tashlashi zarurligi ta’kidlanadi.

O‘zbekiston Turkmaniston singari erkinlik eng bo‘g‘ilgan jamiyatlardan biri, deyiladi "Ozodlik uyi" hisobotida

Hisobotda Markaziy Osiyodan faqat Qirg‘iziston qisman erkin jamiyat sifatida baholanadi.

Freedom House - "Ozodlik uyi" inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, erkinlik bobida dunyo bo‘ylab qatorasiga 12 yildan beri chekinish kuzatilmoqda. Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya - dunyo tinchligini buzayotgan davlatlar, Lotin Amerikasi va Afrikada esa progress ko‘zga tashlanadi, deyiladi bu hafta e’lon qilingan tahlilnomada.

Demokratiya har tomonlama siquvda. Kurrai zaminning deyarli har burchagida. Fuqaro erkinliklari va demokratik jarayonlarni kuzatib boruvchi "Ozodlik uyi" bugungi ahvolni tahlil qilib, shunday xulosa qilmoqda.

Tashkilot eksperti Arch Paddington deydiki:

“Qatorasiga 12 yildan beri global miqyosda erkinliklar oyoqosti bo‘layotganini ko‘rayapmiz. 2017 yilda ham ahvol yaxshilanmadi. Dunyoning aksar mamlakatlari bizning ro‘yxatda past baho oldi”.

Amerika haqida gap ketganda, Rossiyaning saylovlarga aralashuvi yuzasidan tergov uning demokratiya namunasi degan maqomiga bolta urdi.

Ozodlik uyiga ko‘ra, Rossiyaning Yevropadagi dezinformatsion kampaniyasi ham dunyoda demokratik me’yorlar emirilishiga olib kelmoqda.

Xitoyda, deydi ekspertlar, Prezident Si Zinpin liderligi ostida repressiya va senzura kuchaymoqda.

2017 yilda yarim milliondan oshiq rohinja musulmonlari Myanmadan Bangladeshga qochdi. Gumanitar inqirozni ko‘pchilik, jumladan, Vashington ham etnik tozalash deya ta’riflamoqda.

Zimbabveda Prezident Robert Mugabe hokimiyatdan ketdi. Ekspertlar mamlakat kelajagiga ehtiyotkorona optimizm bilan qaraydi.

“Zimbabvega erkinlik bobida pastroq baho berdik. Asosiy sabab - Prezident Mugabening nodemokratik yo‘l bilan hokimiyatdan olingani, uning o‘rniga ham nodemokratik ravishda boshqa odam o‘tirgani. Islohot va liberalizatsiya to‘g‘risida va’dalar berishyapti. Umid qilamizki, ular amalga oshadi va jiddiy saylovlar o‘tkaziladi”, - deydi Paddington.

Janubiy va Markaziy Amerika bo‘ylab nisbatan progress… Xususan, Meksika joriy yilda yangi prezidentga ovoz beradi.

“Poygada qatnashayotgan nomzodlardan biri populist. Agar yutib chiqsa, Meksika siyosatida qiziq o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin”, - deydi suhbatdosh.

Ikki davlatning urushlardan boshi chiqmaydi - Iroq va Afg‘oniston. Har ikkisida xalqaro hamjamiyat harbiylar ta’siridan xoli, layoqatli hukumat shakllanishini kuzatmoqda.

Xitoy va Shimoliy Koreyaga qo‘shni davlatlar - Janubiy Koreya va Tayvanda siyosiy taraqqiyot davom etayotgani olqishga sazovor, deyiladi tahlilda.

“Demokratik ravishda saylangan hukumatlar siyosiy reformalarni olg‘a surayotgani quvonarli hol”, - deydi Arch Paddington.

XS
SM
MD
LG