Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:47

Mirziyoev AQShda yashayotgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytishga chaqirdi


Shavkat Mirziyoev AQShda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan, 2017 yil 20 sentabr. O‘zA fotosurati.
Shavkat Mirziyoev AQShda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan, 2017 yil 20 sentabr. O‘zA fotosurati.

20 sentabr kuni Nyu-Yorkda AQShda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, ularni vatanga qaytishga chaqirdi¸ qaytgan taqdirda¸ ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishni va’da qildi.

Shavkat Mirziyoev AQShda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan uchrashar ekan:

“Men bugun Amerika Qo‘shma Shtatlarida sizlar bilan uchrashayotganimdan bag‘oyat mamnunman, aziz vatandoshlar. Men sizlar bilan samimiy va chin dildan suhbatlashishni mazkur tashrifim arafasida rejalashtirgan edim”, deb iqtibos keltirdi bu uchrashuv haqda yozgan milliy agentlik.

Mirziyoev uchrashuv chog‘ida “vatandan uzoqda muvaffaqiyatga erishish, tan olinish naqadar murakkab ekani”ni bilishini ta’kidlar ekan, yig‘ilganlarni ochiq-oydin, samimiy muloqotga chorlagan.

Dastlab prezident O‘zbekistonda o‘zi hokimiyatga kelganidan keyin yuz berayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida so‘zlab bergan. Shundan so‘ng AQShda yashayotgan o‘zbekistonliklarning faoliyati va hayoti bilan qiziqqan.

“Ular o‘z navbatida O‘zbekistonda fan, ma’orif, texnologiyalar, sarmoyalar va boshqa sohalardagi rivojlanishlar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdilar”, deyiladi O‘zA xabarida.

Aytilishicha¸ Mirziyoev o‘z mamlakati taraqqiyoti uchun hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytishga chaqirib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan.

Mazkur uchrashuvda bevosita qatnashgan o‘zbekistonlik huquqshunos va blogger Nodir Zokirovning Facebookdagi o‘z sahifasida qo‘ygan videoxabarida aytilishicha¸ prezident Mirziyoev AQShda oliy ta’lim¸ qishloq xo‘jaligi¸ sog‘liqni saqlash va korrupsiyaga qarshi kurash sohasida yillardan beri ishlayotgan o‘zbekistonlik olim va boshqa mutaxassislarga konkret takliflar bergan.

“O‘zbekistonga hozir chet ellarda¸ ayniqsa¸ AQShda tajriba orttirgan kadrlar kerak. Menga keraksizlar¸ ochig‘ini aytaman¸ sizlarni olib ketmoqchiman. Kim menga yelkadosh bo‘lib¸ islohotlarda qatnashishga tayyor bo‘lsa¸O‘zbekistonga keladigan bo‘lsa¸biletlarini olib beraman¸ uy-joy qilib beraman¸kerak bo‘lsa¸ Amerikadagi oyliklaringizni ham to‘lab beraman. Hech bo‘lmasa¸ besh-olti oyga bo‘lsa ham¸ tajriba almashishga kelinglar deyishdi”¸ dedi o‘z jonli videoblogida Nodir Zokirov.

Zokirovga ko‘ra¸ o‘zi va uchrashuvda qatnashgan o‘zbekistonlik mutaxassislar Mirziyoev boshlagan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirganlar¸ ayni paytda¸ mamlakatda qilinishi lozim ishlarga oid o‘z mulohazalarini bildirganlar.

Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish uchun 18 sentabr kuni Nyu-Yorkka kelgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Bosh Assambleyada 19 sentabr kuni birinchi marta chiqish qildi.

BMTga tashrif doirasida Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xalqaro moliya institutlari rahbarlari va qator davlatlarning prezidentlari bilan uchrashuvlar ham o‘tkazdi.

XS
SM
MD
LG