Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:24

Shavkat Mirziyoev: Biz bu kunni 25 yil kutgan edik!


Shavkat Mirziyoev va Almazbek Atambaev Bishkekdagi "Ala Archa" rezidensiyasida, 5 sentabr, 2017 yil.
Shavkat Mirziyoev va Almazbek Atambaev Bishkekdagi "Ala Archa" rezidensiyasida, 5 sentabr, 2017 yil.

Prezident Shavkat Mirziyoev Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida hamkasbi Atambaev bilan uchrashuvdan so‘ng “Katta xalqimizning orzu-niyatlari amalga oshadigan bu kunni biz 25 yil kutgan edik”, deb bayonot berdi. Shavkat Mirziyoev o‘zbek va qirg‘iz xalqiga tez kunda O‘zbekiston o‘z chegaralarini hech qanday to‘siqlarsiz bordi –keldi uchun ochishiga va’da berdi. Mirziyoev O‘zbekiston uzoq yillardan beri qarshi chiqib kelayotgan Qambarota GESi loyihasini Qirg‘iziston bilan birga amalga oshirishga hamda Xitoydan O‘sh orqali Andijonga avtomobil yo‘lini hamkorlikda qurishga tayyorligini bildirdi.

Шавкат Мирзиёев: Биз бу кунни 25 йил кутган эдик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:01 0:00

Mirziyoev 5 sentabrni tarixiy kun deb atadi

Prezident Shavkat Mirziyoevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida 5 sentabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

- Bu katta xalqimizning orzu-niyatlari edi. Biz bu kunni 25 yil kutgan edik,- dedi O‘zbekiston prezidenti chegara to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganidan so‘ng.

Mirziyoev so‘zida davom etar ekan:

– Biz bu kunga Almazbek Sharshenovich bilan juda katta sabr-toqat va iroda bilan keldik. Shuning uchun men barchalaringizni mana shunday tarixiy kun bilan tabriklayman, - deb aytdi.

Mirziyoev hamkasbi Almazbek Atambaev bilan hamkorlikda Iosh vazir bo‘lib turgan paytda ham ikki davlat o‘rtasidagi muammolarni hal etish yo‘nalishida harakat qilganini ta’kidlar ekan:

-U paytlarda ko‘p narsa bizning ixtiyorimizga bog‘liq emas edi. Xudo xohlab, bugun ko‘p narsa bizning ixtiyorimizga bog‘liq bo‘lgan shu kunga yetib keldik. Men buni boshimni mag‘rur ko‘tarib aytayotganimning sababi, biz tariximizni qayta tiklayapmiz,- deb bildirdi.

Mirziyoev tez kunlarda O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegaralari cheklovlarsiz bordi-keldi uchun ochilishini va’da qildi:

- Bugun 20-25 daqiqa qirg‘iz televideniesini ko‘rdim. Unda odamlar “Nahotki O‘zbekiston prezidentining kelishi bilan men yana Andijonga avvalgiday borib kelish imkoniyatiga ega bo‘laman? Nahotki, bu ish amalga oshadi?” deb gapirishayapti. Men sizlarga javob berib, shuni aytishni hohlardimki, ha, bu ish amalga oshadi, -deb aytdi.

Atambaev oktabrda Toshkentga boradi

Prezidentlar imzolagan hujjat O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining 85 foiziga oid bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida yana 15 foiz chegara aniqlanmay qolmoqda.

Mirziyoev va Atambaev chegaraning qolgan 15 foiziga oid shartnoma oktabrda Qirg‘iziston prezidentining Toshkentga qiladigan safari doirasida imzolanishiga umid bildirdilar.

- Mening O‘zbekistonga tashrifimgacha, men bu tashrif oktabr oyida bo‘ladi, deb umid qilaman, bugun imzolangan shartnomalarning amalga tadbiq etilishini ko‘rishimiz lozim. Shavkat Miromonovich aytganday, chegaradagi o‘tkazish punktlari maksimal darajada ochiq bo‘lsin, vatandoshlarimiz kimningdir o‘lgani to‘g‘risidagi telegrammani kutmay, avvallari bo‘lganiday bemalol bir- birlarinikiga mehmonga borsin, -dedi Atambaev.

Prezident Mirziyoev esa chegaralarni aniqlash bo‘iycha hukumatlararo komissiya a’zolariga qarata:

- Biz tor doirada hal qilinishi mumkin bo‘lgan masalalar va nozik masalalar bo‘yicha Almazbek Sharshenovich bilan kelishib bo‘ldik. Sizlar o‘ylaydigan narsa qolmadi, faqat chegarani qanday bayon etish ustida mehnat qilishingiz kerak. Yigirma yildan beri echilmay kelayotgan muammolarni bundan buyon ham hamkorlikda hal etamiz, -deb bildirdi.

Mirziyoev: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy ishonch mustahkamlandi

Ўзбекистон Қирғизистондаги Қамбарота ГЭСи қурилишида иштирок этади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:01 0:00

Prezident Shavkat Mirziyoev Almazbek Atambaev bilan o‘tkazgan uchrashuv paytida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy ishonch mustahkamlandi”, deb bildirdi.

O‘z so‘zida davom etgan Mirziyoev bu siyosiy ishonchni iqtisodiy aloqalar bilan mustahkamlash zarurligini aytdi:

- Ikki davlat o‘rtasida savdo-sotiq bo‘lishini istaymiz. Savdo bo‘lib tursa, biznes muhiti bo‘lsa, o‘zaro tushunish bo‘lsa va biz ularga xalaqit bermasak, bilasizmi, bizning o‘rtamizda qanday katta savdo aylanmasi bo‘ladi? Bu esa odamlar o‘rtasida do‘stlik va ishchi o‘rinlari bo‘ladi deganidir, - dedi Mirziyoev.

Unga ko‘ra, so‘nggi 7 oyda O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi 2016 yildagiga qaraganda 60 foizga ko‘paydi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda¸ dollar hisobida bu ko‘rsatkich 200 million dollarga yaqinni tashkil etgan. Mirziyoev ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini 500 million dollarga etkazish niyatida ekanini aytdi.

Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Qirg‘izistondagi Qambarota GESi qurilishida ishtirok etishini ham bildirdi:

- Almazbek Sharshenovich birorta stansiya O‘zbekiston ishtirokisiz qurilmaydi, deb aytdi. Men bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Biz Qambarota GESini qurishda moliyaviy jihatdan ham, zahira jihatidan ham faol ishtirok etamiz, -deb aytdi.

O‘zbekiston 2009 yildan beri Qirg‘izistonda Qambarota GESi qurilishiga keskin qarshilik qilib kelayotgan edi. O‘zbekiston hukumati suv zahiralarini to‘lig‘icha Bishkek nazorat qilishiga imkoniyat yaratib beruvchi bu loyiha mintaqa ekologiyasiga katta zarar yetkazadi, deb bildirib kelgan.

Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yo‘l

Mirziyoev Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi masalasiga to‘xtalar ekan, bu loyihani amalga oshirish jarayonini tezlashtirish uchun Toshkent ham harakat qilishini, biroq bu loyihani amalga oshirishdan oldin Andijon-O‘sh-Ergashtom -Xitoy avtomobil yo‘lini qurish dolzarb bo‘lib turganini ta’kidladi.

Almazbek Atambaev muhokama qilingan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ baza o‘zining oktabrda Toshkentga qiladigan tashrifigacha tayyorlanib bo‘linishiga umid bildirdi:

- Oktabrgacha bugun muhokama qilgan masalalarimizni tartibga solib, ularni amalga oshirish uchun normativ hujjatlarni qabul qilamiz, -dedi Atambaev.

Madaniy aloqalar va O‘shga quriladigan maktab

O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida ikki davalat o‘rtasidagi madaniy aloqalar va milliy ozchiliklarga oid masalalar ham muhokama qilindi.

Mirziyoev Atambaev bilan uchrashuv chog‘ida o‘tgan yilning kuzida O‘zbekiston delegatsiyasi O‘shga kelganini, Qirg‘iziston delegatsiyasi Andijonga borganini, O‘shdagi Bobur nomidagi Akademik o‘zbek teatrining Farg‘ona vodiysiga, Toshkentdagi Muqimiy nomidagi davlat teatrining O‘sh viloyatiga gastrolga kelganini esladi.

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, joriy iylda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari o‘tkaziladi. 2018 yilda esa Toshkentda Qirg‘iziston kunlari o‘tkaziladi:

- Biz O‘shda maktab qurayapmiz. Men o‘zim bilan bu maktabning loyihasini olib keldim. Bu maktab bizning do‘stligimiz ramzi bo‘lib xizmat qiladi, -degan prezident o‘zbek va qirg‘iz xalqi jondosh va qondosh ekanini ta’kidladi.

- O‘zbekistonda 300 ming qirg‘iz yashaydi. Qirg‘iz tilida o‘qitadigan 56 ta maktab bor, Andijon universitetida qirg‘iz filologiyasi fakulteti ishlab turibdi. Men tug‘ilib o‘sgan joyda millati qirg‘iz bo‘lgan 7 ming O‘zbekiston vatandoshi yashaydi. Men ular bilan birga o‘ynab katta bo‘lganman. Qirg‘izlar orasida do‘stlarim ko‘p. Bizni qanday qilib bir-birimizdan ajratish mumkin? Hech kim, hech qanday yo‘l bilan ajratolmaydi, -dedi Mirziyoev.

Xalq diplomatiyasi haqida

Davlat tashrifi doirasida O‘zbekistonning Namangan, Andijon, Farg‘ona, Toshkent shaharlari bilan Qirg‘izistonning O‘sh va Bishkek shaharlari o‘rtasida hududiy hamkorlikni rivojlantirishga oid shartnomalar imzolandi.

Shavkat Mirziyoev bu shartnomalarga izoh berar ekan:

- Men bu uchrashuvimiz kun tartibiga bu masala ham kiritishini diplomatlarimizdan qattiq talab qildim. Chunki bu xalq diplomatiyasidir. Bu eng muhim masaladir. Bundan buyon har bir hudud rahbari bosh vazir patronaji ostida har chorakda bir marta qo‘shni hudud rahbari bilan uchrashib, yig‘ilib qolgan muammolarni o‘zlari hal qiladi. Toki ular yuqoriga qarab: “Buni qilsak mumkinmi, buni qilsak qandoq bo‘larkin”, deb so‘rashavermasin. Xalq talab qilayaptimi, demak o‘zingiz mustaqil bu muammoni hal qiling, -dedi Mirziyoev.

Atambaev o‘zining O‘zbekistonga nisbatan siyosatini Qirg‘izistonning yangi prezidenti ham davom ettirishiga ishontirdi

Almazbek Atambaev o‘zining O‘zbekistonga nisbatan siyosati keyingi prezidentga meros bo‘lib o‘tishini va bu prezident Toshkent bilan erishilgan kelishuvlar amal qilishini kafolatlashiga ishonishini aytdi:

-Tor doiradagi uchrashuvda ham, kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvda ham Shavkat Miromonovich Atambaev kursining vorisi tomonidan davom ettirilishi masalasida tashvishlanayotganini his qildim. Men ishontirib aytamanki, O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalari kursi davom ettiriladi. Qirg‘iziston vatandoshlari saylovda bu kursni davom ettiradigan odamga ovoz berishlariga ishonaman, -deb bildirdi.

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi 15 oktabrda bo‘lib o‘tadi. Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga ko‘ra, bir odam faqat bir marta prezident bo‘la oladi. Mazkur holatdan kelib chiqqan holda, Almazbek Atambaev bir necha oydan so‘ng hokimiyatni yangi prezidentga topshiradi.

XS
SM
MD
LG