Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:34

Hillari Klinton qanday prezident bo‘lishi mumkin?


Prezidentlikka saylangan taqdirda Hillari Klinton qanday tasvirlanadi? Sobiq senator, sobiq davlat kotibi yoki sobiq prezidentning rafiqasi? Hammasi, deydi siyosatdonlar. Klinton professional siyosatchi. Siyosatda pishgan, siyosatda yashaydi va prezidentlik uchun u yetarli tajribaga ega ekanini hatto raqiblari ham rad etmaydi.

Prezident rafiqasi, 1993-2001

Hillari Klinton eri Bill Klinton prezidentlikka saylanib, Oq uyga ko‘chib kelganida Amerika ommasiga shuni bayon qilganki, xonim uyda o‘tirmaydi yoki odatiy vazifalarni bajarmaydi, ya’ni asosan madaniy tadbirlar va oshxona bilan band bo‘lmaydi.

Klinton xonim o‘zini siyosiy masalalarga urib, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga bel bog‘lagan. 1993-yilda u 1000 betlik dasturini taklif qilgan. Kongress uning takliflarini rad etgan. Prezidentning xotini siyosatga bosh suqmasin, degan nolalar yangragan. Klintonnning reytingi tushib ketgan.

1998-yilda Bill Klinton Oq uyda praktikant Monika Levinski bilan don almashgani fosh etilib, prezidentlikdan ketishiga sal qolganida rafiqasining nufuzi juda baland edi. Erini tashlab ketmagani amerikaliklarni va dunyoni lol qoldirgan.

Klinton xonim faqat o‘ziga ishongan shaxs, deydi uning faolyatini uzoq yillardan beri yoritib kelayotgan jurnalist Maykl Isikoff.

“Juda ehtiyotkor, har bir masalaga nihoyatda nozik mavzu deb qaraydi va axborot vositalari bilan ming o‘ylab keyin gaplashadi",- deydi Isikoff.

Aynan mana shu jihati sabab Klintonga nisbatan shubha kuchli.

Klintonni ishda kuzatgan jurnalist Indira Lakshmanan:

"Jonini jabborga berib ishlaydigan inson. Xodimlari bilan aloqasi juda yaxshi. Bosiq va odamlar ko‘ngliga yo‘l topishga urinadi".

Senator Klinton, 2001-2009; Davlat kotibi, 2009-2013

Realist demokrat. Klinton fikricha tashqi siyosatda insonparvarlik birinchi o‘rinda turishi kerak.

Prezident Barak Obamadan farqli ravishda Klinton Kongress bilan murosa qilishga ko‘proq moyilroq. Siyosiy o‘yinlar va parda ortidagi harakatlarni yaxshiroq tushunadi, deydi sharhlovchilar.

Obamadan qolgan ishlarni Klinton yakunlashi mumkin. Respublikachilar Kongressda hukmronlikni saqlab qolgan taqdirda pragmatik Klinton ular bilan til topishishga harakat qiladi.

Yoshligidan siyosatga berilgan shaxs sifatida Klinton bu sohada qoqilish nima ekanini yaxshi tushunadi va o‘zi ham ko‘p marta xatolar qilib pishgan.

“2008-yildagi mag‘lubiyat, Davlat departametidagi xatolari...",- deya sanab o‘tadi Ron Fornier, keksa jurnalist. “Klinton omma orasida unga nisbatan ishonch past ekanini ham biladi".

Siyosatchilardan charchagan xalqning ko‘nglini olish oson emas, lekin Klinton harakatdan to‘xtamaydi, chunki u ishonadiki, xalq hayotini siyosat bilangina o‘zgartirish mumkin.

Fornier Klintonning faoliyatini 1980-yillardan beri tahlil qilib keladi.

“Klinton xonim haqiqiy huquqshunos. Advokatdek fikrlaydi. Asos va yechim topishga usta. Qaror qilish uning uchun qiyin emas. Ikkilanib o‘tiradigan odam emas. Izla, o‘yla, top va chora ko‘r, deydi".

XS
SM
MD
LG