Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:14

O‘shda o‘zbek maktabi taloshga tushdi


Panfilov nomidagi maktab katta yo‘l bo‘yidagi qulay mavzeda joylashgan.
Panfilov nomidagi maktab katta yo‘l bo‘yidagi qulay mavzeda joylashgan.

O‘shda mahalliy hukumatning o‘zbek va rus tillarida tahsil beriluvchi Panfilov maktabi o‘quvchilarini boshqa maktabga ko‘chirish qaroriga ota-onalar norozilik bildirmoqda. 21 iyun kuni maktab o‘quvchilarining ota-onalari norozilik yig‘ini o‘tkazib, shahar ma’muriyatidan qarorni o‘zgartirishni talab qildi.

O‘shdagi o‘zbek va rus tillarida tahsil beriluvchi Panfilov maktabida hozirda 700 dan ortiq o‘quvchiga 56 nafar o‘qituvchi ta’lim beradi. 2010 yil O‘sh voqealariga qadar maktabda faqat o‘zbek tilida bilim berilar edi.

Shahar rahbariyati va maorif boshqarmasi qarori bilan bu maktab o‘quvchilari ancha uzoqroqda bo‘lgan Kalinin maktabiga ko‘chiriladi. Panfilov maktabiga esa avariya holatida bo‘lgan rus tilida bilim beriluvchi Razzakov maktabi ko‘chib keladi.Maorif boshqarmasiga ko‘ra, bu to‘g‘ridagi qaror shu yilning aprelь oyida barcha tomonlarning roziligi bilan qabul qilingan.

Maktab ma’muriyati ota-onalarni o‘quvchilarni boshqa maktablarga ko‘chirish qarori bilan tanishtirmoqda.
Maktab ma’muriyati ota-onalarni o‘quvchilarni boshqa maktablarga ko‘chirish qarori bilan tanishtirmoqda.

Biroq maktab rahbari Odina Mirzabaeva bu haqida unga rasman kecha soat 16.00da aytilganini bildirdi.

-Ota-onalarni men chaqirib kelmadim. Meni vazifam ularga kechagi protokolni tanishtirib qo‘yish. Men tanishtirdim. Xulosasini o‘zinglar bilasizlar, kim qanday qaror qilsa qilaversin. Men soldatman, soldat o‘z ishini bajarishi kerak. Men soyuz davridan shu choqqacha o‘zimdan yuqori amaldorlarning barcha aytganlarini bajarib kelganman. Menda xech qanday yomon niyat yo‘q. Biroq shu ishni to‘g‘ri xal qilib qo‘yishsa ortimda turgan barcha ota-onalar raxmat aytar edi, -dedi Panfilov maktabi direktori Odina Mirzabaeva.

Ota-onalar ham farzandlarining boshqa maktabga ko‘chirilishiga norozilik bildirmoqda.

Ota-onalar norozilik majlisiga yig‘ilmoqda.
Ota-onalar norozilik majlisiga yig‘ilmoqda.

- Biz Mo‘lda Niyazova ko‘chasida, maktab bilan bir devor qo‘shnimiz. Qizim uydan chiqadi, qaytib uyga kiradi. Bolam avtobusga chiqmaganidan, xavfsiz o‘qiyotganidan ko‘nglim to‘q, Hudoga shukur. Meriyadan iltimos qilamiz iloji boricha maktabimiz qolsin, qo‘zg‘almaylik. Buzilgan maktab o‘quvchilarini hozircha boshqa maktablarga yigirmata-o‘ttiztadan bo‘lsin. O‘shanda hech kimga og‘riq-achchiq bo‘lmaydi, - deydi yig‘inda ishtirok etgan Muhayyo Yusupova.

Ikki farzandi maktabing rus sinfida tahsil olayotgan Elmira Topchubaeva barcha ishlar qonun doirasida qilinishi kerakligini aytadi:

Ota-onalar majlisi paytida olingan surat.
Ota-onalar majlisi paytida olingan surat.

-Tuman va qishloqlarda maktab o‘quvchilari chodirlarda o‘qishayapti. Ular ham bir yil shunday o‘qib tursin. Biz o‘z maktabimizni bermaymiz. Biz qonun doirasida harakat qilib unga asosan ish qilamiz. Bu ishlar esa noqonuniy bo‘layapti, - deydi Elmira To‘pchubaeva.

Ayrim ota-onalar esa “maktab o‘zbek tilli bo‘lgani uchun yopilayapti”, “Razzoqov maktabida asosan amaldorlarning bolalari o‘qishadi, shuning uchun ular katta yo‘lning bo‘yida qulay joylashgan Panfilov maktabiga ko‘z tikishmoqda”, kabi fikrlarni ham bildirmoqdalar.

O‘sh shahar maorif boshqarmasi rahbari Qushtarbek Kimsanov esa bu masalaga siyosiy tus bermaslik kerakligini aytadi:

- Razzakov maktabi o‘quvchilarini bo‘lmay turib boshqa maktabga joylashtirish uchun boshqa bironta ham qulay bino yo‘q. Razzakov maktabining o‘quvchilari 1100 o‘rinli maktabgagina sig‘adi. Razzoqov maktabida 1800 o‘quvchi, panfilov maktabida esa 700 o‘quvchi o‘qiydi. Har tomondan olib qaraganda ham shu qaror qonuniy va to‘g‘ri qaror bo‘ldi,- deydi Kushtarbek Kimsanov.

O‘sh shahrida 2010 yilgacha 20dan ortiq o‘zbek maktablari mavjud edi.2010 yilgi O‘sh voqealaridan so‘ng o‘zbek tilli maktablar qisqartirilib, deyarli barchasi o‘zbek-qirg‘iz va o‘zbek-rus tilli maktablarga aylantirilgan.

XS
SM
MD
LG