Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:41

Ispanzabon saylovchilar Donald Trampdan g'azabda


Milliarder Donald Tramp prezidentlik uchun respublikachi nomzodlar orasida yetakchilik qilishda davom etar ekan, AQShning ispanzabon aholisi orasida bundan norozilar ko'p. Chunki Trampning muhojirlaga qarshi aytgan haqoratomuz gaplarini hali hech kim unutgani yo'q.

Burgoslar oilasi ayni paytda juda band. Ular cherkovdagi do'stlari bilan Pasxa bayrami arafasida so'nggi ibodatga hozirlanmoqda. Rene Burgosning aytishicha, keyingi prezident uchun kimni tanlashda u e'tiqodiga tayanadi.

"Mehribon, odamlarga g'armxo'r inson bo'lishini xohlayman", - deydi u.

Rene Burgos va uning rafiqasi respublikachilarga ovoz berishni o'ylayotgan edi. Ammo Tramp yetakchiga aylangandan beri ularning fikri o'zgardi.

"Bahslarni va natijani ko'rib, kayfiyatim tushib ketdi", - deydi Maria Yelena Burgos.

"Janubiy chegarada katta devor qurdiraman va buning xarajatini Meksika to'laydi. Ular bizga ko'p muammoli odamlarni jo'natishyapti. Giyohvand moddalar va jinoyat olib kelishyapti", - degan edi respublikachi nomzod Donald Tramp.

Muhojirlarga qarshi bunday so'zlardan ispanzabon saylovchilar norozi.

"G'azab va umidsizlik bor", - deydi Maria Burgos.

"Biz bu davlatni buyuk qilishga hissa qo'shishga harakat qilyapmiz. Buning uchun qattiq ishlayapmiz", - deydi Rene Burgos.

Rene Burgos hozir Amerika fuqarosi. U bu yerga Salvadordagi fuqarolar urushidan hujjatsiz muhojir sifatida qochib kelgan. Reygan ma'muriyati unga qonuniy maqom berdi. Burgosning aytishicha, ispanzabon amerikaliklar jamiyatga ijobiy hissa qo'shadigan odamlardir.

"Har qanday saylov kampaniyasida g'azablangan elektoratdan ko'ra qudratliroq kuch yo'q".

Respublikachi tahlilchi Luis Alvaradoga ko'ra, ispanzabon amerikaliklar, odatda, demokratlarga ovoz beradi. Ammo biror partiyaga bog'lanmagan mustaqil saylovchilar soni ortib bormoqda. Agar Tramp partiya nomzodligini qo'lga kiritsa, ular Klinton tomonga o'tishi mumkin, deydi u.

"Klintonning g'oyalarini qo'llab-quvvatlaganlari uchun emas, balki Donald Trampni jazolash uchun", - deydi Alvarado.

Maria Burgos ham, agar Tramp va Klinton poygada qolsa, Klintonga ovoz berishini aytadi.

“Amerikani Trampdan asrash uchun shunday qilmoqchiman", - deydi u.

Pasxa bayrami yaqinlashar ekar, Burgoslar oilasi e'tiqodlari buyurgan ishlarni qilish bilan band. Amerikaning navbatdagi prezidenti eng yaxshi odam bo'lishi uchun duo qilyapmiz, deydi ular.

XS
SM
MD
LG