Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:29

O‘zbekiston-AQSh: Yillik maslahat kengashi, Akrom Yo‘ldoshev taqdiri va "Gulnora ishi"


O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar orasidagi bu yilgi maslahat kengashi Vashingtonda 19-yanvar kuni o‘tdi. Toshkentdan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyada Adliya vaziri Muzraf Ikromov, Oliy Majlisdan Senat Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Sodiq Safoev, O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari va Qonunchilik palatasi a’zosi Akmal Saidov, shuningdek, Mudofaa vazirligi va prezident apparatidan bir necha yuqori lavozimli rasmiylar bor.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurash, Afg‘onistondagi vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik - asosiy mavzular. Tashqi ishlar vaziri Komilov AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Nisha Bisvol va boshqa yuqori mansabdorlar bilan muloqot qilgan.

O‘zbekistonlik rasmiylar AQSh Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda boshqa departamentlarda tegishli mansabdorlar bilan uchrashmoqda.

Yillik maslahat kengashiga Obama ma’muriyati 2009-yilda asos solgan. Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan muntazam dialog yo‘lga qo‘yilib, unda xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, huquq va demokratiya targ‘iboti hamda madaniy aloqalar to‘g‘risida yuzma-yuz gaplashib olinadi. Muloqot matbuot uchun yopiq.

Butun e’tibor Afg‘oniston yuzasidan hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlashda, respublikada erkinlik bilan bog‘liq masalalar chetda qolib ketdi degan tanqid kuchli. Bu tanqidni nafaqat O‘zbekiston jamoatchiligi va chet eldagi muhojirlar orasida, balki Amerika ilmiy va siyosiy doiralarida ham quloqqa chalinadi.

Oq uy va tashqi siyosat amaliyoti uchun mas’ul Davlat departamenti, shuningdek, Mudofaa vazirligi o‘tgan yillar ichida O‘zbekiston bilan munosabatlarda notinch Afg‘oniston birlamchi omil bo‘lganini rad etmaydi. Lekin rasmiylar boshqa yo‘nalishlar, xususan, huquq targ‘ibotiga ham ahamiyat katta deya ishontirishga urinadi.

O‘zbekiston pozitsiyasi shuki, Amerika bilan rishtalar o‘zaro manfaatlarga asoslangan va hamkorlik tomonlarning xohish-irodasidan kelib chiqqan holda rivojlanib bormoqda.

Davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilning noyabr oyida Samarqandda Prezident Islom Karimov bilan muloqot qilgan. Markaziy Osiyoning besh davlatiga safar qilar ekan, mintaqa tashqi ishlar vazirlarini Samarqandga yig‘ib, Kerri Markaziy Osiyoda integratsiya va iqtisodiy birdamlik ustuvor maqsad bo‘lishi kerak deya undagan edi. Maxsus deklaratsiya ham qabul qilingan. Vashington bu tashabbusni targ‘ib qilish bilan band.

19-yanvardagi uchrashuvda "Islomiy davlat" va terrorizmga nisbatan birgalikda chora ko‘rish xususida gaplashib olindi, shuningdek, boshqa sohalardagi yutuq va kamchiliklar ham qayd etildi, deydi rasmiylar.

AQShda prezident saylovlari yaqin. Obama ma’muriyatining oxirgi yilida munosabatlarda burilish kutmang, deydi tahlilchilar, kelasi oylar chala ishlarni bitirish bilan o‘tadi.

O‘zbekison Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Nisha Bisvol bilan, Vashington, 19-yanvar, 2016
O‘zbekison Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Nisha Bisvol bilan, Vashington, 19-yanvar, 2016

Kongress cheklovlarni bekor qildimi? Nima uchun?

Kongress 2003-yildan beri Davlat departamentiga O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rsatishni cheklab qo‘ygan edi. 2016-yilgi sarf-xarajat bilan bog‘liq hujjatlarda bu borada hech narsa deyilmagan, ya’ni respublika cheklovlardan xoli.

O‘tgan uch yil mobaynida Davlat departamenti O‘zbekiston AQSh xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynayotgan mamlakat deya, har olti oyda maxsus ruxsatnoma olib, hamkor tomonga harbiy madad ko‘rsatdi. Jumladan, 2015-yilda 300 dan oshiq zirhli mashina va 20 dan ziyod kichik turdagi chegarachi dronlar berdi.

Kongress nima uchun cheklovlarni olib tashladi degan savolga "Amerika Ovozi" hozircha biror aniq javob olmadi. Senatda ko‘pchilikni tashkil etilgan respublikachilar qarorni tushuntirmagan.

Prezidentlikka nomzodlar va O‘zbekiston

Vashingtonda O‘zbekiston tilga olingan yana bir tashabbus bu prezidentlikka da’vogar respublikachi Rend Pol olg‘a surgan taklif bo‘lib, unga ko‘ra, Amerika biror ajnabiyni qabul qilishdan oldin uni chuqur tekshirishi shart. Amaldagi tekshiruv izchil emas, deydi Pol. U ro‘yxatini tuzgan "xavfli o‘lkalar" qatorida 30 dan oshiq davlat bor, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston. Bu davlatlardan viza uchun murojaat qilganlar qattiq chig‘iriqdan o‘tishi kerak, deydi senator.

Ma’lumki, o‘tgan yillar ichida bir necha o‘zbekistonlik AQShda terrorizmda ayblanib hibsga olindi, ayrimlari aybdor deb topilib, uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etildi. Ular orasida siyosiy boshpana olib kelganlar bor.

Rend Pol taklifi Senatdan o‘tmagan lekin arbob uni targ‘ib qilishda davom etmoqda.

Akrom Yo‘ldoshev o‘likmi yoki tirik?

Bu mavzu maslahat kengashida qanchalik muhokama qilingani mavhum.

Andijon fojiasi ortida turganlikda ayblangan akromiylar oqimi asoschisi Akrom Yo‘ldoshev besh yil oldin qamoqda o‘lgani haqida "Ozodlik" radiosi shu yilning 11-yanvarida xabar tarqatdi.

Yo‘ldoshev 1999-yilda tuzumga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, 17 yilga qamalgan. Tirik bo‘lsa, kelasi oy ozodlikka chiqishi kerak. Uning 2010-yilda turmada vafot etgani haqida anchadan beri mish-mishlar yurar edi. "Ozodlik" manbalariga ko‘ra, bu haqiqat.

O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol ayanchli va Amerika e’tiborni oshirishi kerak deb undab kelayotgan xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" (HRW) yillik maslahat kengashi oldidan bayonot chiqarib, Vashingtondan bu masalaga jiddiy ahamiyat qaratishni so‘ramoqda.

O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvda Davlat departamenti respublika qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslar masalasini ko‘tarib, Akrom Yo‘ldoshev taqdiri yuzasidan aniq ma’lumotlar talab qilsin, deydi Stiv Sverdlov, HRW eksperti.

Obama ma’muriyati hamkor tomonni oshkoralik, adolat va mas’uliyatga undab, bu borada ommaga ochiq aytsin; Toshkent sukut bilan qutulib ketolmaydi, deydi Sverdlov.

Karimov rahbariyati shu davrgacha bu shaxs taqdiri yuzasidan lom-mim demay keladi. U tirikmi, qaysi lagerda? O‘lganmi, qachon? Bu borada hukumat hisobot berishi shart, deydi Sverdlov.

Akrom Yo‘ldoshevning oilasi AQShda yashaydi, siyosiy boshpana olgan. O‘tgan yillar ichida ular matbuot bilan gaplashmagan.

HRW nazarida Yo‘ldoshev - diniy va siyosiy erkinligidan foydalanib, jamoatchilikni iymonli bo‘lishga, halol yashashga undagan lider. 1992-yilda yozilgan diniy qo‘llanma "Iymonga yo‘l" deb nomlangan va jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan.

O‘zbekiston hukumati nazarida esa Yo‘ldoshev ekstremizmni targ‘ib qilgan, mamlakat tinchligiga tahdid solib, atrofiga qora niyatli shaxslarni to‘plagan jinoyatchi. Andijonda 2005-yilning 12-13 may kunlari amalga oshirilgan qonli harakatlarda aynan uning tarafdorlari ayblanadi. Akromiylar - terroristlar, deya qayd etadi hukumat.

HRW shunday tavsiyalar bermoqda: O‘zbekiston siyosiy mahbuslarni ozod etib, huquq himoyachilari va tuzum tanqidchilariga nisbatan tazyiqlarni bas qilsin; shuningdek, qamoqda qiynoqlarga chek qo‘yilsin; paxta dalalarida majburiy mehnat amalda taqiqlansin; vaziyat haqida batafsil ma’lumot olish uchun mamlakatga chet el jurnalistlari va BMT maxsus vakillari kiritilsin.

Respublika HRW iddaolarini inkor etib, tashkilotni uydirma va tuhmatda ayblaydi. Huquq himoyasi bilan mashg‘ul organ nazarida esa ahvol joyida bo‘lsa, nima uchun haqiqat yashirilmoqda, ya’ni u va boshqa xalqaro tashkilotlar nega O‘zbekistonga kiritilmayapti?

XS
SM
MD
LG