Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:43

“Odno”da Rashod qori suratiga “klass” bosgan qorasuvlik militsiyada so‘roq berdi​


Qorasuvlik 20 yoshlik Abdulloh Nurmatov “Odnoklasniki” tarmog‘ida Rashod Kamolov va Dilyor Jumaboyev suratlariga “klass” bosgani uchun militsiya tomonidan ogohlantirish oldi.

20 avgust kuni kechki 6.30larda o‘z uyidan avval Qorasuv militsiyasiga, so‘ngra O‘sh shahar militsiyasiga olib ketilib, tungi soat 11largacha so‘roq qilingan Abdulloh militsionerlar tomonidan kaltaklanganini aytmoqda.

Qorasuvlik Abdulloh Nurmatov xonadoniga 20 avgust kuni 18.30larda o‘zlarini militsiya hodimlari deb tanishtirgan 4 kishi kelgan va Abdullohga “sen bir videoga tushib qolibsan, borib ko‘rib kelamiz, senmi yoki yo‘q”, deb olib ketishadi. Abdullohning yaqinlariga militsionerlar guvoh sifatida olib ketilayotganini aytishadi. Bu borada Ozodlikka 21 avgust kuni Abdulloh Nurmatovning o‘zi aytib berdi.

Unga ko‘ra, Qorasuv militsiyasida “video tushirilgan kompyuterni O‘shga olib ketishibdi, o‘sha yerga boramiz” deb, Abdullohni O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasiga olib borishgan.

O‘sh militsiyasida undan “Odnoklassniki” tarmog‘idagi profilining parolini berishni so‘rashadi. Abdullohning iddao qilishicha, advokat ishtirokisiz parolni bermasligini aytganidan so‘ng uni militsiya xodimlari kaltaklagan. Abdullohga ko‘ra, u shundan so‘ng advokat ishtirokisiz profili parolini bergan:

- O‘zlari turli suratlarni chiqarib olishib, “men shularga “klass” bosganman, do‘stlarimga tarqatganman deb”, yozasan deb yozdirishdi. Men yozib berdim. Keyin o‘zlarini telefonida Suriyaga telefon qilib berishdi. “Sen hozir: Assalomu alaykum! Jihodlar bo‘layaptimi birodarlar, deb gapirasan”, deyishdi. Men gapirmadim. Undan keyin, meni kompyuter oldiga o‘tqizib, men mana bu suratlarga “klass” bosganman, do‘stlarimga tarqatganman”, dedirib videoga olishdi, - deydi Abdulloh Nurmatov.

Unga ko‘ra, shundan so‘ng advokat kirgan va bir qancha hujatlar imzolangach, Abdullohni qo‘yib yuborishgan. Abdullohning aytishicha,u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidagi bir qator suratlarga keyinchalik o‘zi topib o‘qishi oson bo‘lishi uchun “klass” bosgan.

- “Odnoklassniki”da Dilyor Jumaboyev, Rashod Kamolov suratlariga “klass” bosganman xolos. Suriyada bo‘layotgan voqealar tasvirlangan videolarga “klass” bosmaganman. Biroq kecha militsionerlar meni profilimga kirib, “klass” bostirishib, videoga olishdi,. Men suratlarga keyinchalik o‘qiyman, yo‘qolib qolmasini deb “klass” bosgan edim, - deydi Abdulloh.

Uning advokati Valerian Vaxitovga ko‘ra, u kecha tungi soat o‘ngacha O‘sh militsiyasi binosiga kiritilmagan. Keyin esa, Abdullohni so‘roq qilgan militsionerlar uni oynadan ko‘rishganini, kelganidan bexabar qolganlarini aytishgan. Hozirda advokat mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri, mamlakat Bosh prokurori, va O‘sh shahar prokurori nomiga ariza tayyorlamoqda.

- Eshik oldida avtomat ushlagan yigit turgan edi. Menga ichkariga kiritilmaganimga posdagi yigit aybdorligini aytishdi. Men hozir ariza yozayapman, tekshirishsin. Men advokatlik faoliyatini olib borishga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atishlarini so‘rab ariza yozaman. Ular qo‘lga olgan chog‘idan boshlab Nurmatovga advokat berishlari kerak edi, - deydi Valerian Vaxitov.

Qorasuvlik taniqli dindor Dilyor Jumaboyev “Odnoklassnik”dagi suratlarida uning militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangani aks etganini ta‘kidlagan holda, quydagilarni aytdi:

- Meni rasmim taqiqlanganmi, Dilyor Jumaboyevning rasmi? Men tushunmadim. Militsionerlar bizga tan jarohati yetkazsa bo‘laveradiku, biz ularning jinoyatini tarqatishimiz mumkinmasmi? Bu qaysi qonunda taqiqlangan. Bularni qilayotgan ishi Qirg‘iziston xalqini qalbiga qo‘rquv, dahshat, titroq degan narsalarni joylashmi? - deydi Dilyor Jumaboyev.

O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidikovga ko‘ra, Abdulloh Nurmatov haqiqatan ham Ichki ishlar boshqarmasi 10-bo‘limi xodimlari tomonidan ushlab kelingan. Unga bilmasdan ta‘qiqlangan ma‘lumotlarni tarqatgani tushuntirilgan va bunday hol takrorlansa javobgarlikka tortilishi aytilib qo‘yib yuborilgan.

XS
SM
MD
LG