Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:48

Imom Rashodxon Kamolov hibsda ham faoliyatini to‘xtatmagani aytilmoqda​


“Hizbut - Tahrir”ga aloqadorlik ayblanib qo‘lga olingan Qorasuvdagi “As Saraxsiy” masjidi imomi Rashod Kamolov militsiya tomonidan hibsxonada ham o‘z faoliyatini to‘xtatmaganlikda ayblanmoqda. Buning ortidan Kamolovga bildirilgan ayblovlar soni yana bittaga ko‘payishi mumkin.

Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalarining ma‘lum qilishicha, O‘sh shahridagi hibsxonada saqlanayotgan taniqli imom Rashod Kamolov “diniy-ekstremistik faoliyatini qamoqxonada ham davom ettirib, bu yo‘nalishda Internet tarmog‘idan foydalangan”. Xabarlarda aytilishicha, mazkur holat Rashod Kamolov saqlanayotgan hibsxonada olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari davomida aniqlangan. Kamolovning kamerasidan diniy-ekstremistik materiallar, uyali telefon topilgan va musodara qilingan.

Bu ma‘lumotni Ozodlikka O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashurbayev ham tasdiqladi:

- Diniy ekstremistik tashkilotlar faoliyati taqiqlangandan so‘ng jamoatchilik orasida avvalgiday varaqa va disklarni tarqatishmay qo‘ygan. Ular hozirda uyali telefon yordamida WhatsApp orqali hibsda yotib ham o‘z faoliyatlarini davom ettirishayotgani isbotlandi. Hozirda uning faoliyatiga cheklovlar qo‘yildi. U telefon orqali kimlar bilan bog‘langan, kimlarga nima yuborgani tekshirilmoqda, - deydi Jenish Ashurbayev.

Ayni paytda Kamolovning advokati Valeryan Axmetov Ichki ishlar xodimlarining advokat va tergovchilar ishtirokisiz o‘z himoyasidagi odamni hibsxonada tintuv va so‘roq qilinishini Qirg‘iziston Jinoiy Kodeksining qo‘pol tarzda buzilishi, deb hisoblaydi.

- Biz hibsxonaga borganimizda olgan ma‘lumotlarimizga ko‘ra, telefon Kamolovga tegishli bo‘lmagan. U telefonda gaplashganini inkor qilmayapti. Biroq bu jinoiy ish yoki jinoiy javobgarlik emas. Negaki, bu telefon qanday qilib va nega hibsxonada paydo bo‘lib qolgani qamoqxona ma‘muriyati o‘rganadigan ichki ishdir. Agarda u yerda Kamolov kimnidir nimagadir targ‘ib qilgani to‘g‘risida ma‘lumot paydo bo‘lgan bo‘lsa, buni tekshirish va isbotlash ham kerak. Biroq nima uchun ayblanuvchini tergov qilish huquqi berilmagan tezkor hodimlar tekshiradi? Bunga faqat tergovchi huquqli va u ham faqat advokat ishtirokida so‘roq qilishi mumkin, - deydi Kamolovning advokati Valeryan Axmetov.

Asli Qirg‘izistonning Qorasuv shahridan bo‘lgan va Farg‘ona vodiysida tanilgan 37 yoshli o‘zbek imomi Rashod Kamolov Qirg‘iziston jinoiy kodeksining 299-moddasining bir necha bandlarida ayblanmoqda.

U shu yilning 9 fevral kuni o‘z uyidan bir necha niqobli militsiya xodimlari va Qorasuv rasmiylari ishtirokida Qorasuv militsiyasiga olib ketilgan, so‘ngra O‘sh shahar militsiyasiga olib kelingan va hibs qilingandi.

Bundan avval Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining mulozimi Rahim Salimov shu kunga qadar militsiyaga Rashod qori Kamolov faoliyatiga oid ko‘plab shikoyatlar kelib tushganini aytgandi.

Unga ko‘ra, Kamolov xalifalik tuzishga va Konstitutsion tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga da‘vat qilganiga isbot bor. Bu borada jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, fuqarolardan Rashod qori ularning bolalarini Suriyaga jihodga jo‘natganiga oid 10 ta shikoyat tushgan.

Qirg‘iziston parlamenti deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li esa Kamolovga bildirilgan ayblovlarni asossiz, deb atab, hibsga olingan imom-xatibini himoya qilib, hukumatga so‘rovnoma kiritgan edi.

Rashodxon Kamolov Ozodlikning diniy mavzulardagi savollariga javob bergan va chiqishlaridan birida "Islomiy davlat" e‘lon qilgan halifalikni musulmonlar tan olmasligi kerak, mazmunida fikr bildirgan edi.

Parijning Charlie Hebdo jurnalida yana Muhammad sallolohu alayhi vasallamga karikatura e‘lon qilinganiga norozilik sifatida 2015 yilning 24 yanvarida O‘sh shahri markazida o‘tkazilgan mitingda Rashod Kamolovning "aka-uka Quashiylarmiz!" deya qilgan chiqishi keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG